AQSH Ukrainaning iqtisodiyoti uchun qayg‘urmoqda

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaning kichik va o‘rta biznesiga yordam berish hamda mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish uchun 230 million dollar ajratadi. Bu haqda Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) rahbari Samanta Pauer ma’lum qildi.

Kiyev markazidagi Mixaylovskaya maydonida so‘zlagan nutqida Pauer ushbu paket texnik yordam ko‘rsatish hamda Ukrainadagi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olishini aytgan.

“USAID Kongress bilan hamkorlikda Ukrainada tadbirkorlik uchun yangi resurslarga 230 million dollar sarmoya kiritadi. Ushbu yangi majburiyat Qo‘shma Shtatlarning shu hafta ukrain xalqi oldidagi burchidir”, deydi USAID rahbari.

Bir kun oldin Pauer Odessaga tashrif buyurib,  u yerda Ukraina qishloq xo‘jaligi sohasiga yordam berish uchun 250 million dollar ajratilishini e’lon qilgan.  Dushanba kuni esa qo‘shimcha 500 million dollarlik insonparvarlik yordami ko‘rsatilishi ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun, AGRI-Ukraine loyihasi don kelishuvi bilan deyarli bir vaqtda, ya’ni 2022 yilning iyul oyida ishga tushirilgan. Qo‘shma Shtatlar mazkur loyiha doirasida Ukrainaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportini ko‘paytirishga hissa qo‘shmoqchi. AGRI-Ukraine'ning birinchi yilida USAID 100 million dollar ajratgan bo‘lsa, donorlar, xususiy sektor va fondlar tomonidan mazkur loyiha uchun qo‘shimcha 250 million dollar yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH bundan tashqari Ukrainaga eng ko‘p xavfsizlik yordamini beruvchi davlatdir. Masalan, yaqinda AQSH Kongressining Vakillar palatasi 2024 moliya yili uchun 886,3 milliard dollarlik mudofaa xarajatlari, jumladan, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Unda Kiyev uchun ATACMS operativ-taktik raketa tizimlari uchun 80 million dollar ajratish nazarda tutildi.

Hozirda AQSHning Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ko‘rsatgan yordamining umumiy miqdori 40 milliard dollardan oshgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina USAID

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing