AQSH Ukrainaga qurol berish qoidalarini o‘zgartiradi – CNN

Olam

image

AQSH Mudofaa vazirligi yaqinda o‘z siyosatiga o‘zgartirishlar kiritib, Ukrainaga berilgan qurollarni yana AQSH omborlariga qaytarib olish huquqiga ega bo‘ldi. Bu haqda mazkur qaror mazmunidan xabardor to‘rt manbaga tayanib, CNN xabar xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tegishli memorandumni Pentagon siyosiy bo‘limi rahbari Elbrij Kolbi o‘tgan oy imzolagan. CNN’ning izohicha, bu choradan kelib chiqib, ilgari Kiyevga yordam sifatida ajratilgan milliardlab dollarlik qurollar AQSHning kamayib qolgan qurol zahiralarini to‘ldirishga yo‘naltirilishi mumkin.

Yangi qoidalar Amerika Mudofaa vazirligiga Kongress tomonidan moliyalashtiriladigan va “Ukraina xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi” (USAI) deb ataladigan dastur doirasida aynan Ukraina uchun ishlab chiqarilgan qurollarni ham qaytarib olish imkonini beradi.

CNN manbalarining aytishicha, hozircha bu memorandum asosida qurol qaytarib olish holatlari bo‘lmagan, biroq agar shunday voqea yuz bersa, bu Kiyevni milliardlab dollarlik quroldan mahrum qilishi mumkin.

Telekanalning qo‘shimcha qilishicha, hujjat doirasida Pentagon AQSH qurol zahiralarini “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratgan. “Qizil” va “sariq” kategoriyalar qurol zahirasi yetarli emasligini bildiradi va ularni yetkazib berish faqat Pentagon rahbarining shaxsan tasdig‘idan so‘ng amalga oshiriladi. Ma’lum bo‘lishicha, Kiyevga mo‘ljallangan Patriot zenit-raketa tizimlari uchun raketalar va ayrim boshqa qurollar “qizil kategoriya”ga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, “Ukraina xavfsizligini qo‘llab-quvvatlash tashabbusi” – bu AQSH Kongressi tomonidan 2016 yilda tashkil etilgan dastur bo‘lib, uning maqsadi Pentagon uchun mablag‘ ajratish va Ukraina uchun qurollarni bevosita amerikalik ishlab chiqaruvchilardan xarid qilishdir. Ushbu dastur doirasidagi ta’minotlarda idora o‘zining mavjud zaxiralaridan qurol ajratmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Shimoliy Atlantika alyansi NATOning Yevropadagi a’zolari mablag‘lari hisobidan Ukrainaga harbiy yuk yetkazib berishning yangi mexanizmi ustida ishlayotgani xabar qilingan edi. Mexanizmga ko‘ra, Ukraina taxminan 500 million dollarlik paketlar doirasida zarur bo‘lgan qurol turlariga ustuvor ahamiyat beradi.  


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Pentagon qurol-yarog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing