AQSH toj-taxtni Xitoyga topshiryapti?

Tahlil

2005 yilda Vashingtonda AQSHning Tailanddagi elchisi ishtirokida tadbir o‘tkaziladi. Unda Tailanddagi amerikalik ishlab chiqaruvchilar va ularning kompaniyalariga tegishli mualliflik huquqlariga oid muammolar hamda boshqa siyosiy masalalar qizg‘in muhokama qilinadi. Shunda tadbir ishtirokchilaridan biri Tailand janubidagi tartibsizliklar haqida elchiga savol beradi. AQSHning Tailanddagi vakili mamlakat bu jarayonga tasir qilishga harakat qilayotganini bildiradi. Shu onda boshqa bir tinglovchi undan Tailandning janubida joylashgan Songxla shahridagi AQSH kosulxonasi faoliyati haqida so‘raydi. Ammo elchi bir lahzaga sukut saqlaydi va qisqa sukunatdan so‘ng “u yer hozir Xitoy konsulligi” deb javob beradi. 

To‘g‘ri, Songxla shahrida AQSHga qarashli doimiy konsullik bo‘lmagan. Shunchaki u yerda viza va boshqa masalalar bilan shug‘ullanuvchi markaz faoliyat yuritgan. Ammo nima bo‘lgan taqdirda ham keyinchalik aynan o‘sha yerda AQSHning diplomatik vakolatxonasi o‘rnida butun boshli Xitoy konsulxonasi tashkil qilingan. Bu voqea esa o‘z muammolari va maqsadlari bilan uzoq yil inida pisib yotgan ajdarning uyg‘onish belgisi edi. Xitoy AQSHning sayyora bo‘ylab juda keng quloq yozgan tasirini kesish va qisqartishni eng avval o‘zi yashaydigan va unga yaqin “mahalla”dan, Janubi-sharqiy Osiyodan boshlagandi. Keyinchalik bu harakat kuchli strategiya bilan butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Osiyoning qolgan qismi, Afrika va Lotin Amerikasi kabi mintaqalarda Pekin Vashingtonga o‘ziga xos jang taklif qila boshladi. Albatta, bunday o‘zgarish shunchaki sodir bo‘lib qolmadi. Osiyodagi iqtisodiy inqiroz, AQSHning Yaqin Sharqdagi vaziyatni izdan chiqarishi, uning millonlab insonlar o‘limidagi eng asosiy sababchi bo‘lib o‘rtaga chiqqani va boshqa faktorlar Xitoy uchun otni qamchilashga imkoniyat yaratdi. 

Ammo Qo‘shma Shtatlar xalqaro maydonda yo‘l qo‘ygan ko‘plab xatolariga qaramay, baribir o‘zining oldingi misli ko‘rilmagan ta’sirini ushlab qolishi mumkin edi. Vashington Xitoy bilan ta’sir doiralarni bo‘lishmaslikka qaysidir ma’noda imkoni bor edi. Kuchli diplomatik faoliyat, dunyo davlatlarida Amerika imijini yaxshilash, xalqaro tashkilotlarda adolatli faoliyat yuritish, bir so‘z bilan aytganda esa Jozef Nay tomonidan siyosatga olib kirilgan o‘sha “yumshoq kuch” unsuridan to‘g‘ri foydalanish orqali Xitoyni zaiflashtirishi mumkin edi. Biroq Oq uy bunday yo‘lni tanlamadi. Amerikalik jurnalist va tahlilchi Joshua Kurlansik o‘zining “Diplomatik zabt etish. Xitoyning yumshoq kuch siyosati” nomli kitobida Qo‘shma Shtatlar tomonidan xalqaro maydonda asr boshida yo‘l qo‘yilgan xatolar haqida batafsil ma’lumot bergan. U nazarda tutgan xato va kamchiliklar noto‘g‘ri tashqi siyosat va AQSH uchun noqulay sharoit fonida yuzaga kelgan. Ammo Kurlansik 2002 yilda yozgan ushbu kitobida qayd etib o‘tilgan o‘sha eski xatolar va g‘alati qarorlar bugungi Oq uy ma’muriyati tomonidan nuqta va verguligacha yana qayta takrorlanayotgani e’tiborimizni tortdi. Mazkur materialda bundan bir necha yil oldin faoliyat yuritgan Oq uydagi qator mamuriyatlar yo‘l qo‘ygan xato tufayli AQSH Xitoyga juda keng ta’sir hududlarini berib qo‘ygani, bugun esa Donald Tramp siyosati ham shu yo‘ldan ketayotgani, yakun esa Vashington uchun xavotirli bo‘lishi mumkinligi haqida gaplashamiz.

“Imperiya”ning so‘nishi

Mashhur siyosatshunos Zbignev Bjezinskiy “Buyuk shaxmat taxtasi” asarida Qo‘shma Shtatlarga ta’rif berar ekan, uni zamonaviy imperiyaga qiyoslagandi. U AQSH tarixdagi ko‘plab qudratli saltanatlar, jumladan, Rim kabi imperiyalardan tubdan farq qilishi, ta’sir doirasi va boshqa ustunliklariga ko‘ra o‘ta murakkab va qudratli ekanini da’vo qilgandi. Ammo Bjezinskiyning bu davolari yozilgan “Buyuk shaxmat taxtasi” asari chop etilgani yili, ya’ni 1997 yilda Osiyo qit’asida kuchli moliyaviy inqiroz boshlandi. Bu zo‘riqish dastlab Tailandda boshlandi va keyinchalik butun Janubi-sharqiy Osiyoga yoyildi. 1997 yilda Tailand milliy valyutasining dollarga bog‘liqligi yakunlandi. Indoneziya, Janubiy Koreya, Singapur, Filippin va Malayziya kabi davlatlar ham ushbu moliyaviy inqirozni birin-ketin boshdan kechirdi. 1998 yilga kelib esa Osiyoda boshlangan bu jarayon Lotin Amerikasining qator mamlakatlarida ham kuzatildi. AQSHga turli sohalarda juda qattiq bog‘langan bu davlatlar 2 yil davomida Vashingtondan yordam kutishi tayin edi. Ammo Qo‘shma Shtatlar barchaga birdek e’tibor qaratishga kuchi yetmasligi ham aniq edi. Shundan so‘ng eng avvalo Tailandda, so‘ng bu inqirozni boshdan kechirgan qolgan davlatlarda ham AQSHga bo‘lgan munosabat asta-sekin o‘zgara boshladi. Bankokda salkam milliy qahramon bo‘lgan AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Bill Klinton bir zumda tanqidlar ostida qoldi.

2003 yilga kelib esa kichik Jorj Bush ma’muriyatining Iroqqa qilgan bosqini nafaqat Janubi-sharqiy Osiyoda, balki dunyoning turli burchaklarida Amerika ta’sirining qisqarishi yoki butunlay qulashidagi hal qiluvchi qaror bo‘ldi. Butun dunyo bo‘ylab AQSH siyosatini qo‘llovchilar soni keskin qisqarib ketdi. Ijobiylik masalasida Pekin katta tezlik bilan aksar dunyo mamlakatlari fuqarolarining ko‘z o‘ngida yuqorilashni boshladi. Xitoyning ichki muammolari, undagi ozchiliklar huquqlarining kamsitilishi va boshqa jabhalardagi repressiv siyosatga qaramay, dunyo aholisi uchun eng hunuk agressiv davlat sifatida AQSH gavdalanardi. Asr boshida insonlar qiyin dilemma qarshisida turar, ular uchun uyg‘urlarni keskin assimilyatsiya qilayotgan Xitoy emas, balki Yaqin Sharqda millionlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan AQSH ancha yovuz obrazda edi. Hatto o‘sha yillarda davlatlar o‘rtasida tanlov qilish haqidagi so‘rovlar ham shuni tasdiqlardi. Xitoy asta-sekin ijobiy obraz maqomini AQSHdan yulib olishni boshladi. Faoliyatining katta qismini Tailandda olib borgan Joshua Kurlansik esa dunyo aholisi va ayrim siyosiy doiralarning AQSHdan yuz o‘girib, Xitoyga yuzlanishni boshlagan ilk onlarni Jorj Bush va Xu Szintaoning Avstraliyaga navbati bilan qilgan tashriflari misolida ko‘rsatadi.

2003 yil oktyabr oyida AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Jorj Bush o‘zining eng yaqin ittifoqchilaridan biri – Avstraliyaga tashrif buyuradi. Buyuk Britaniya bilan ancha oldin ko‘p jihatdan bog‘liqlikni kamaytirgan Avstraliya AQSHning chinakam ittifoqchisiga aylangandi. V’etnam va Koreya urushlarida, hatto AQSHning Iroqqa bosqinida ham Avstraliya askarlari amerikaliklar bilan birga jang qilgandi. Biroq Iroqqa qilingan hujumda Avstraliyaning bosqinchi koalitsiya tarkibida bo‘lishi u yerdagi asl muhit va fuqarolarning qarashlariga zid ekani keyinchalik ayon bo‘ldi. Bushning samolyoti qo‘nishi bilan Sidney, Kanberra va boshqa shaharlarda namoyishlar boshlanib ketdi. Amerika elchixonasi atrofida ham marshlar o‘tkazildi. Ko‘chalarga chiqqan xalq AQSHni takabburlik va o‘zini hammadan ustun qo‘yishda aybladi. Albatta, bu aholining fikri edi, ammo keyinchalik Bush bildiki, Avstraliya siyosiy doirasida ham AQSHga qarshi salbiy kayfiyat shakllanib bo‘lgandi. U parlamentda nutqini boshlamasidan oldin deputatlar orasida qichqiriqlar yangraydi. Bir amallab nutqini tugatib, tashqariga chiqqan Bushni ko‘chada yana shovqin-suronga to‘la norozilik namoyishlari qarshi oladi. Qisqa qilib aytganda esa rasmiy bo‘lmasada, AQSH prezidenti o‘sha kuni Avstraliyadan uloqtirib yuboriladi. 

Biroq eng qizig‘i hali oldinda edi. Bush tashrifidan bir necha kun o‘tib, Xitoy raisi Xu Szintao Avstraliyaga keladi va umuman boshqacha tarzda kutib olinadi. Xu Szintao ham Bush kabi Avstraliya parlamentida nuqt so‘zlaydi, ammo unga AQSH yetakchisiga qaranganda ancha kam e’tiroz bildiriladi. Bush Avstraliyada bir kun ham qolmagandi. Ammo Xu bu yerda juda hurmatli shaxs sifatida ko‘plab tadbirlarda qatnashadi. Avstraliya biznes doiralari Xitoyni yangi imkoniyatlar eshigi sifatida e’tirof etadi. Aholi orasida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Xitoyga nisbatan ijobiy fikrdagilar 70 foiz bo‘lsa, AQSHni qo‘llab quvvatlaganlar soni 50 foizdan ham pastroq bo‘lib chiqadi. Yanada hayratlanarlisi, o‘shanda Xitoy bilan erkin savdoni yoqlagan respondentlar 50 foizdan oshiq bo‘lgan bo‘lsa, AQSHda bu ko‘rsatkich atigi 34 foizni tashkil qilgan. Bu esa Qo‘shma Shtatlar uchun haqiqiy qulash edi. Bu ham yetmagandek, 2005 yilda BBC tomonidan dunyoning 22 mamlakatida o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlarning katta qismi Xitoyning xalqaro maydonda tutgan roli AQSHnikidan ijobiyroq deb javob beradi. Joshua Kurlansik esa Xitoy va AQSH o‘rtasidagi reputatsiya va ta’sir doiralari uchun kurash Lotin Amerikasidan tortib, Markaziy Osiyogacha sekin-asta Pekin foydasiga hal bo‘layotganini ta’kidlagan. U bunga Venesuelaning o‘sha paytdagi rahbari Ugo Chavezning neftni AQSHga emas, balki Xitoyga yo‘naltirishi hamda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning AQSH harbiy bazasining mamlakatdagi faoliyatini tugatish qarorlarini misol qilib ko‘rsatadi.

Asosiy sabablar

Aslida dunyoning AQSHga bo‘lgan munosabati o‘tgan asrning so‘nggi 10 yilligida o‘zgara boshlagandi. Chunki bu paytga kelib Qo‘shma Shtatlar tashabbusi bilan BMT tomonidan Iroqqa qo‘llangan sanksiyalar oqibatida yuz minglab iroqliklar halok bo‘lishga ulgurgandi. Klinton davrida tushishni boshlagan obro‘ Bush davriga kelib Bag‘dodga qarshi xunrezliklar fonida yanada pasaydi. Ammo dunyo miqyosida AQSH reputatsiyasining qulab borishida faqat Iroq muhim rol o‘ynamagan. Bu yerda boshqa qator sabablar ham bor edi. Masalan, Joshua Kurlansik shunday omillar qatoriga AQSH jamoatchilik diplomatiyasiga ajratiladigan mablag‘larni qisqartirgani, mamlakatga kirish cheklovlarini kuchaytirgani, noto‘g‘ri savdo siyosati, xalqaro tashkilotlarning faoliyatiga bepisand qarash va Guantanamo qamoqxonasi bilan bog‘liq inson huquqlarining keskin buzilishi kabi holatlarni ham alohida qayd etib o‘tgan. Yakunda esa ushbu barcha omillar yig‘ilib, Oq uyning sayyora ustida tutgan mustahkam o‘rnini mo‘rt ahvolga olib kelgan. O‘sha yillarda Yevropa-AQSH munosabatlari bo‘yicha mutaxasis olim Endryu Moravchik bundan buyon ko‘plab davlatlar Amerikani yoqtirmasligi, uning taraqqiyotiga ham taqlid qilmasligini ta’kidlagan. 2005 yilda BBC o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, 21 davlatdagi respondentlarning uchdan ikki qismi Amerika qadriyatlarini o‘z mamlakatida yoyilishiga qarshi chiqqan. AQSH uchun barchasi teskari tus olgan va bu tendensiya o‘sha yillardan to hozirgacha turli xil tezlik va ko‘rinishda davom etib kelmoqda.

Ammo Xitoy bu paytda butkul boshqacha qarshi olinayotgandi. AQSH tomonidan xalqaro maydonda yo‘l qo‘yilgan qo‘pol xatoliklardan Pekindagi siyosatdonlar juda ustamonlik bilan foydalandi. Aslida Xitoy bu lahzalarga tayyorgarlikni ancha oldin boshlagandi. Bugungi Xitoyning tamal toshini qo‘yganiga qaramay, uni keyingi yillarda, masalan o‘tgan asr o‘rtalarida bir necha bor cho‘ktirgan Mao Szedundan keyingi siyosiy elita juda kuchli va o‘rinli strategik rejalar bilan harakat qildi. Mao tomonidan amalga oshirilmagan “katta sakrash” Den Syaopin davrida bajarildi. Qishloq xo‘jaligiga berilgan erkinlikdan tortib, mamlakatni tashqi sarmoya uchun ochishgacha, texnologiyani jalb qilishdan tortib, boshqa muhim qadamlargacha barcha-barchasi deyarli xatosiz amalga oshirildi. 1989 yilda Xitoy shu darajada yuksaldiki, Tyananmen maydonidagi qirg‘in ham dunyoni unga qarshi birlashtira olmadi. Chunki bu paytga kelib, Xitoyga xalqaro miqyosda ta’sir o‘tkazishning imkoni juda past edi. Pekin erkin savdoni o‘zining eng asosiy quroliga aylantirdi. Mamlakatning xarid quvvati o‘sdi. AQSHning dunyodagi ta’siri tushishni boshlagan paytda esa Pekin zo‘r berib ishga kirishdi. Xitoy Vashington ilgari juda katta ustunlikka ega bo‘lgan mintaqalarda ko‘rinish berishni boshladi. Eng avvalo Janubi-sharqiy Osiyo, so‘ngra Yaqin Sharq, Afrika va Lotin Amerikasiga kirib borildi. Shartsiz qarzlar, davlatga yaqin biznesmenlar va mandarin tili Xitoy ta’sirini kengaytirishdagi eng asosiy instrumentlarga aylandi. 

Bundan tashqari, Xitoy o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga belgilanganidan ancha oldin yetib bormoqda. Xususan, 2012 yilda Si Szinpin hokimiyat tepasiga kelganda “Xitoy orzusi” nomli strategiyani e’lon qilgandi. Unda Kommunistik partiyaning 100 yilligi nishonlanadigan 2021 yilga qadar o‘rtacha farovonlik darajasiga yetish, XXRning 2049 yilda keladigan 100 yillik yubileyida esa dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoridan joy olishi ko‘zda tutilgan edi. Lekin 40 yil ichida 800 million aholini qashshoqlikdan chiqargan mamlakat bu maqsadlariga ham ancha oldin yetib bordi, deyish mumkin.

Tramp tojni Xitoyga topshirish arafasida

Yuqorida 2007 yildayoq yozilgan siyosiy asarda Joshua Kurlansik Xitoy ko‘p jabhada AQSHning o‘rnini egalashiga bir necha sabablar keltirib o‘tgani qay etildi. Bular jamoatchilik diplomatiyasining sustlashishi, migratsiya cheklovlarining kuchayishi, noto‘g‘ri savdo siyosati, xalqaro tashkilotlardan chetlashish, Iroqdagi xato va Guantanamo qamoqxonasi bilan bog‘liq holatlar edi. Bugun esa ko‘rib turibmizki, shu harakatlar AQSHning amaldagi rahbari Donald Tramp tomonidan nuqta va verguligacha hech qanday o‘zgarishlarsiz amalga oshirilmoqda. Qiyosiy tahlil qilinsa, shu xatolarning barchasi bugun AQSH ma’muriyati tomonidan qilinmoqda. Bir boshdan boshlaymiz. 

Masalan, jamoatchilik diplomatiyasining sustlashishi va unga ajratiladigan mablag‘ning qisqartirilishiga to‘xtalsak. Jamoatchilik diplomatiyasi deganda bir mamlakat boshqa bir davlatdagi aholi orasida o‘z imijini yaxshi ko‘rsatish orqali obro‘ga ega bo‘lishi tushuniladi. 1953 yilda Qo‘shma Shtatlar dunyo bo‘ylab jamoatchilik diplomatiyasini nazorat qilish uchun AQSH axborot agentligini tashkil qildi. Mazkur agentlik esa jahon miqyosida Amerika siyosatini qo‘llab-quvvatlaydigan auditoriya shakllantirish maqsadida “Amerika ovozi” radiosi orqali keng ko‘lamdagi eshittirishlarni amalga oshirishni boshlaydi. 

Shuningdek, agar jamoatchilik diplomatiyasi deganda dunyo aholisi orasida ijobiy obrazni shakllantirish tushunilsa, unda USAID ham AQSH uchun bu ishni amalga oshirardi, deyish mumkin. Biroq USAID o‘zining yordam dasturlari orqali AQSH obro‘sini so‘z bilan emas, balki amaliy harakatlar bilan ko‘tarishga hissa qo‘shib kelgan va bu borada qolgan agentliklardan ustun ham edi. 

Biroq Donald Tramp ikkinchi bor hokimyat tepasiga kelar ekan, AQSHning shu ikki muhim qurolini butkul yo‘q qilish yo‘lidan bordi. Joriy yil mart oyidan boshlab Amerika ovozida qisqartirishlar boshlandi va ko‘p o‘tmay uning faoliyati to‘xtatildi. Radioning YouTube'dagi rasmiy kanalida so‘nggi material bundan 4 oy oldin yuklangan. Hozirda u faoliyat yuritmayapti. USAID esa joriy yil 1 iyulda rasman  tugatildi. Bu kabi qarorlarni Tramp ma’muriyati pulni befoyda sovurishga chek qo‘yish bilan izohladi. Ammo uzoq muddatli strategik foyda haqida hech kim o‘ylayotgani yo‘q.

Keyingi masala esa migratsiya. Trampning noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashi har qachongidanda shiddatli amalga oshirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 11-13 million atrofida noqonuniy migrantlar mavjud bo‘lgan AQSHda ularni to‘liq ortga qaytarish imkonsiz ekani aytiladi. Bu ish amalga oshirilgani bilan juda ko‘p sarf-xarajat talab qilishi yanvar oyidan beri ta’kidlab kelinadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Tramp bu borada keskin qadamlar tashladi va noqonuniy muhojirlarni jinoyatchidek harbiy samolyotlarda qo‘l-oyog‘ini kishanlab o‘z mamlakatlariga qaytarish amaliyotini o‘tkazdi. Bu bilan u nafaqat arzon ishchi kuchini yo‘qotmoqda, balki migratsiya sohasini yanada qattiqlashtirish orqali AQSHga kelishi mumkin bo‘lgan malakali ishchilar va hatto talabalar oqimini ham bo‘g‘moqda. Qo‘shma Shtatlarning eng katta boyligi bo‘lgan xorijlik talabalardan voz kechish holatlari AQSH uchun uzoq muddatli davrda misli ko‘rilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. 

Uchinchi masala esa xalqaro tartibning asosini tashkil qiluvchi tashkilotlardan o‘zini uzoq tutish. Tramp bu xatoni oldingilardan ham yomonroq takrorlamoqda. U hatto 20 yanvar kuni innauguratsiya marosimidayoq Parij iqlim kelishuvidan chiqishni e’lon qildi. Bir necha kundan so‘ng, NATO bilan munosabatlari taranglashdi. BMT bosqinlar, zo‘ravonliklarga qarshi chiqarayotgan rezolyutsiyalarga qarshi chiqib, ko‘pchilikni hayron qoldirdi va bunday holatlar hozirgacha kuzatilmoqda. Eng achinarlisi esa Tramp davrida Qo‘shma Shtatlar Jahon savdo tashkilotidagi tizimni barbod qilmoqda. 

Shu o‘rinda to‘rtinchi – noto‘g‘ri savdo siyosatini ham qayd etib o‘tish joiz. Joriy yil AQSH savdo urushini birinchi bo‘lib Kanada va Meksikaga qarshi ochdi. Ikki qo‘shnisiga nisbatan tariflar joriy qilib, erkin savdoga chek qo‘ydi va o‘zining ikki eng muhim savdo sherigi bilan orani buzdi. Butun boshli mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan bu qaror noqonuniy migratsiya va fentanil moddasining kirib kelishi bilan izohlandi. To‘g‘ri, keyinchalik ular kelishib olishdi, so‘ng yana bojlar tiklangani ma’lum qilindi, bu savdo rastalaridagi narx bilan bog‘liq muammolarda ham o‘z isbotini topdi. Ammo haligacha aniq bir to‘xtamga kelinmadi. Boz ustiga Tramp undan keyin Yevropa Ittifoqiga, 2 aprel kuni esa butun dunyoga qo‘shimcha tariflar joriy qildi. U bu qarori bilan birinchi navbatda Xitoyni nishonga olishni maqsad qilgandi. Oqibatda esa bir zumda Pekin va Vashington o‘rtasidagi tariflar jangi 125 va 145 foizgacha ko‘tarildi. Ammo keyinchalik Tramp 100 ga yaqin davlat qatorida Xitoy bilan ham ba’zi savdo masalalarida kelishuvga erishdi. Ammo bu orada AQSH kompaniyalari savdo urushi oqibatida bir necha trillion dollardan ayrildi. Investorlar Amerika siyosatidagi noaniqliklar fonida mamlakatga sarmoya tikishdan tiyilayotgani ma’lum bo‘ldi. AQSH investitsiya uchun endi jozibali davlat emasligi ko‘p bor tilga olindi. Shu tariqa asl maqsadi investitsiya va ishlab chiqarishni AQSHga qaytarish yo‘lida boshlangan savdo urushi Tramp va AQSH uchun mutlaqo teskari natija bilan yakunlandi.

Eng so‘ngida harbiy aralashuv va Guantanamo qamoqxonasi kabi masalalarda Tramp allaqachon oshirib yubordi. Dastlab Guantanamo qamoqxonasiga to‘xtalsak. 2002 yilda Jorj Bush tashabbusi bilan xavf darajasi juda yuqori deb hisoblanadigan jinoyatchilarni saqlash uchun ochilgan bu qamoqxona Trampga qadar bosqichma-bosqich qisqartirib kelinardi. U hokimiyatga kelgunga qadar ushbu Guantanomada atigi 15 nafar mahbus qolgani aytilardi. Ammo Tramp 20 yil davomida juda ko‘p tanqidlarga sabab bo‘lgan mana shu Guantanamoni qayta jonlantirdi. U yerga og‘ir jinoyat sodir etgan noqonuniy muhojirlar yuborilishi e’lon qilindi. Kubada joylashgan bu mashhur do‘zahga 4 fevral kuni bir necha muhojir yuborilgani aytildi.  

Bundan tashqari, AQSHning amaldagi yetakchisi mamlakatni Isroil boshlagan urushga olib kirdi va juda murakkab vaziyatga tushirishiga bir baxya qoldi. Eron yadro quroli yaratmayotgani MAGATE va hatto AQSH xavfsizlik idorolari tomonidan ko‘p bor aytilganiga qaramay, u fors davlatiga tarixda kuzatilmagan zarba berdi. Bu orqali AQSH xalqaro miqyosda ko‘plab davlatlar tomonidan qoralandi, uning harakatlari qabul qilib bo‘lmas ekani ta’kidlandi. 

Xullas, Tramp boshchiligidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zining shunday brutal tashqi siyosiy kursi bilan mamlakatning dunyoda tutgan o‘rni va og‘ir vazniga putur yetkazmoqda. Iqtisodchilardan tortib siyosiy tahlilchilargacha ko‘plab soha mutaxasislari Tramp AQSHni qora tuynuk sari boshlayotganiga ishora qilmoqda. Voqealar rivoji esa qaysidir ma’noda buni tasdiqlaydi ham. Agar Trampning ob-havo kabi tartibsiz va noaniq tashqi siyosiy kursi o‘zgarmasa, Pekin uchun dunyo tojini ilib ketishga 3-4 yil kifoya qilishi mumkin. O‘tmishda ham huddi shunday sharoitda Xitoy AQSHdan ko‘p narsalarni tortib olganini inobatga olsak, shunday ssenariyni inkor qilib bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

China US Donald Trump Xi Jinping Joshua Kurlantzick Charm Offensive: How China's Soft Power Is Transforming the World

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar