AQSH Tayvanga tankka qarshi tizimlarni 180 mln dollarga sotmoqchi
Olam
−
29 dekabr 2022
2716AQSH Davlat departamenti Tayvanga 180 million dollarga Volcano tank'ga qarshi tizimlarini sotishni ma’qulladi. Bu haqda harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha departament Twitter'dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Davlat departamenti so‘rovga Harbiy sotish dasturi doirasida ruxsat bergan.
“Davlat departamenti Tayvanga 180 million dollarlik Volcano tank'ga qarshi tizimlarini sotish bo‘yicha so‘rovni ma’qulladi”, deyiladi byuro bayonotida.
Pentagon xavfsizlik hamkorlik agentligi bayonotida aytilishicha, taklif qilingan sotuv qonunga muvofiq va Vashingtonning milliy xavfsizlik manfaatlariga mos keladi.
“Taklif etilayotgan sotuv oluvchining xavfsizligini oshirishga yordam beradi, shuningdek, mintaqada siyosiy barqarorlik, harbiy muvozanat va iqtisodiy taraqqiyotni saqlashga yordam beradi”, deyiladi bayonotda.
AQSH hukumati bu qaror haqida Kongressni rasman xabardor qilgan. Agar kelishuv tasdiqlansa, Northrop Grumman va Oshkosh Corporation asosiy pudratchilar bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy AQSH Prezidenti Jo Bayden tomonidan imzolangan AQSHning 2023 yilgi mudofaa byudjetini tanqid qilgan edi. Xitoy rasmiylarining noroziligiga hujjatdagi Tayvanga nisbatan “yagona Xitoy” tamoyilini buzuvchi qoidalar sabab bo‘lgan.
Sohiba Komilovna
LiveBarchasi