“AQSH Tayvanda barqarorlik istamaydi”. Xitoy Vashingtonning provokatsiyasiga e’tiroz bildirdi
Olam
−
26 avgust 2022
3011Xitoyning AQSHdagi elchixonasi amerikalik senator Marsha Blekbernning Tayvanga safarini mintaqadagi beqarorlikning yorqin namunasi deb atadi. Bu haqda kecha, 25 avgust Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pen’yuy ma’lum qildi.
“Xitoy AQSH va Tayvan mintaqasi o‘rtasidagi har qanday rasmiy aloqalarga keskin qarshi chiqadi. Bu tashrif AQSH Tayvan bo‘g‘ozida barqarorlikni istamasligini va ikki tomon o‘rtasida qarama-qarshilikni qo‘zg‘atish uchun bor kuchini ayamasligini yana bir bor isbotlaydi. Biz suverenitetimiz va hududiy yaxlitligimizni himoya qilish uchun AQSHning provokatsiyalariga javoban qat’iy javob choralarini ko‘ramiz”, deydi Lyu.
Diplomatning ta’kidlashicha, AQSH qonun chiqaruvchi hokimiyat vakillari “Yagona Xitoy” siyosatiga qat’iy rioya qilishlari va Xitoyning bir qismi bo‘lgan Tayvan bilan rasmiy aloqadan saqlanishlari kerak.
“Xalqaro huquq ham, AQSHning ichki qonunchiligi ham xalqaro majburiyatlarni buzish va xalqaro munosabatlar me’yorlariga zid bo‘lgan harakatlarni amalga oshirish uchun bahona bo‘la olmaydi”, deydi u.
Shuningdek, u Tayvan bo‘g‘ozidagi joriy taranglik uchun javobgar faqat AQSH ekanligini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 avgust kuni Tennessi shtatidan respublikachi AQSH senatori Marsha Blekbern Tayvanga kelgan edi.
Oldindan e’lon qilinmagan va 27 avgustgacha davom etadigan tashrif davomida Tayvan ma’muriyati rahbari Say Ing-ven siyosatchini qabul qiladi. Shuningdek, Milliy xavfsizlik kengashi bosh kotibi Gu Lisyun, Tashqi ishlar vaziri Jozef U va boshqa rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bu AQSH qonunchilarining orolga bir oy ichida uchinchi tashrifidir. 2-3 avgust kunlari AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayyga tashrif buyurdi, bu esa Pekinning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi va bunga javoban Tayvan atrofida keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. 14-15 avgust kunlari senator Ed Marki (Massachusets shtati) boshchiligidagi delegatsiya Tayvanga keldi. Uning ortidan ham orol atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi