AQSH Tayvan masalasida “qizil chiziq”dan o‘tdi – Rasmiy Pekin

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Tayvan masalasi bo‘yicha ruxsat etilgan chegaralardan chiqib ketyapti. Shuning uchun Xitoy o‘z suverenitetini qat’iy himoya qiladi va ayirmachilar, shuningdek ularning xorijiy hamkorlariga Tayvan mustaqilligi uchun zarracha imkon qoldirmaydi. Bu haqda Xitoy TIV rasmiy vakili Xua Chunin aytib o‘tdi.

"Qo‘shma Shtatlar Tayvan muammosi bo‘yicha Xitoyga doimo e’tiroz bildiryapti, ular "qizil chiziq" va ruxsat etilgan chegaralarni kesib o‘tdi. Biz Tayvandagi separatistik unsurlar va tashqi siyosiy kuchlarning [Xitoyning ichki ishlariga] aralashuviga keskin qarshimiz hamda ularga zarracha imkoniyat bermaymiz. Xitoy hukumati va xalqi o‘z mamlakatining suvereniteti, xavfsizlik manfaatlari va hududiy yaxlitligini qat’iy himoya qiladi”, deydi Chunin.

Xitoylik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Pekin AQSH rasmiylarining Tayvan mustaqilligi tarafdorlariga bir tomonlama “noto‘g‘ri ishora” bergani va o‘z va’dalarini unutib, “Yagona Xitoy” tamoyilini qo‘pol ravishda buzayotgani munosabati bilan Vashingtonga bir necha bor norozilik bildirgan.

“Xitoy Xalq Respublikasi barcha zarur qarshi choralarni ko‘rmoqda – bu to‘g‘ri va zarur”, deya qo‘shimcha qilgan Xua Chunin.

Uning aniqlik kiritishicha, agar AQSH Tayvan masalasida xuddi shunday ruhda harakat qilishda davom etsa, bu “jiddiy oqibatlarga” olib keladi. 

"Qo‘shma Shtatlar sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi", deb xulosa qilgan TIV vakili.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Osiyoga safari chog‘ida Xitoy o‘z hududi deb hisoblovchi Tayvanga ham borishi mumkinligi Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning yana keskinlashishiga sabab bo‘lyapti. Xitoy tomoni bunday harakatlardan tiyilishga chaqirib, ogohlantirish bilan chiqdi.

Pelosi Osiyo turnesi davomida Malayziya, Singapur, Koreya va Yaponiyaga borishi rejalashtirilgan. Safar aprel oyida amalga oshirilishi kerak edi. Biroq palata spikeri koronavirusga chalingach, safar kechiktirildi.

Xitoy Pelosining Tayvanga borishi munosabatlarga jiddiy putur yetkazishi haqida bir necha marta ogohlantirdi. Hatto uning samolyotini urib tushirishi mumkinligini ko‘rsatish uchun Tayvanga eng yaqin viloyatida haqiqiy o‘qlardan foydalangan holda mashg‘ulot boshladi. Hatto viloyatga havo hujumidan mudofaa tizimlari ham joylashtirildi.

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

209

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing