AQSH tarixida birinchi bor Kongress spikeri rezolyutsiya bilan ishdan olindi (video)
Olam
−
04 Oktabr 2023
7495AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari respublikachi Kevin Makkartini spikerlik lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etish joizki, Qo‘shma Shtatlar tarixida Vakillar palatasining birorta ham spikeri uni lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilinishi orqali ishdan bo‘shatilmagan. Makkarti bilan bo‘lgan holat AQSH tarixida birinchi bor sodir bo‘ldi.
Kecha, 3 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida 216 nafar kongressmen respublikachi spikerning iste’fosi uchun, 210 nafari esa bunga qarshi ovoz bergan. Xususan, ovoz berish tashabbuskori bo‘lgan Mett Gets boshchiligidagi sakkiz nafar respublikachi ham o‘z partiyadoshining iste’fosini yoqlab chiqqan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 30 sentyabr kuni Makkarti demokratlar bilan kelishuvga erisha olgan va 45 kunlik federal xarajatlarni moliyalashtirish uchun byudjet rezolyutsiyasini qabul qilgan. Bu esa hukumat yopilishining oldini olishga yordam berdi. Ushbu murosa tufayli Gets o‘z partiyadoshining iste’fosini talab qilgan.
Endilikda Vakillar palatasi yangi spiker tanlashi kerak. Mexanik tarzda tanlangan muvaqqat spiker Patrik Makgenri (respublikachi) yangi spikerni saylash jarayonini boshlaydi. Vakillar palatasida 435 ta o‘rin bor, ulardan 218 nafarining ovozini olgan nomzod yangi spiker bo‘ladi. Spiker saylanmaguncha Vakillar palatasi hech qanday qaror qabul qila olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni AQSH Kongressi federal hukumat yopilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Ukrainaga yordam ko‘rsatishni nazarda tutmaydigan 45 kunlik (17 noyabrgacha) byudjet loyihasini qabul qilgan edi. Oq uy va Kongressdagi demokratlar Kiyevga ko‘makni to‘xtatishni xohlamasa-da, respublikachilar bunga to‘sqinlik qilgan.
LiveBarchasi