AQSH Suriyadagi eronparast jangarilarga zarba berdi
Olam
−
09 noyabr 2023
4256Kecha, 8 noyabr kuni Amerikaning ikkita F-15 qiruvchi samolyoti Suriya sharqida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va unga aloqador guruhlar tomonidan foydalanilgan ob’ektga zarba berdi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ma’lum qildi.
Mamlakat Mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, zarbalar AQSH Prezidenti Jo Baydenning buyrug‘i bilan so‘nggi paytlarda Iroq va Suriyadagi AQSH bazalariga uyushtirilgan qator hujumlarga javoban amalga oshirilgan.
"Agar Eron ishonchli vakillarining AQSH harbiy xizmatchilariga hujumlari davom etsa, biz xalqimizni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan boshqa choralarni ko‘rishdan tortinmaymiz", deya ogohlantirgan Ostin.
Shuningdek, u Eronni har qanday keskinlashuvdan tiyilishga chaqirgan.
Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan jangarilar oktyabr oyi o‘rtalaridan beri AQSHning Iroq va Suriyadagi harbiy bazalariga kamida 40 ta dronlar va raketa hujumlarini amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iroq va Suriyadagi AQSH askarlari joylashtirilgan uchta harbiy bazaga hujumlar uyushtirilgandi. Pentagon rahbari bu hujumlar oqibatida 21 askar yengil jarohat olganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi