AQSH so‘nggi daqiqada shutdown’dan qutilib qoldi
Olam
−
02 Oktabr 2023
11639AQSH Kongressi belgilangan muddat tugashiga atigi ikki yarim soat qolganida 45 kunlik byudjet loyihasini ma’qullab, shutdown’dan qutilib qoldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etish joizki, 1 oktyabrda Qo‘shma Shtatlarda yangi moliyaviy yil boshlanadi va agar bu sanagacha moliyalashtirish bo‘yicha kelishib olinmasa, federal hukumat yopilishi (shutdown)ga to‘g‘ri keladi. Federal hukumat esa mamlakatdagi 4 million amerikalikni ish bilan ta’minlagan eng yirik ish beruvchi hisoblanadi. Siyosatchilar belgilangan muddat tugashiga atigi ikki yarim soat qolganda davlat sektori xodimlarining ishini vaqtinchalik moliyalashtirish bo‘yicha kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi.
Ovoz berish avvaliga Vakillar palatasida (335 ta yoqlab, 91 ta qarshi), so‘ngra Senatda (88 ta yoqlab, 9 ta qarshi) bo‘lib o‘tdi. Keyin qonun loyihasi Prezident Jo Bayden tomonidan ma’qullangan.
Buning uchun Oq uy va demokratlar so‘ragan (ular Senatda ko‘pchilik, Vakillar palatasida esa ozchilik) Ukrainaga harbiy yordam paketini qonun loyihasidan chiqarib tashlash kerak bo‘ldi. Chunki respublikachilar bunga qarshi edi. Qonun loyihasini respublikachilar yetakchisi Kevin Makkarti taqdim etgan.
Oq uy esa dastlab Ukrainaga ajratiladigan 24 milliard dollarlik yordamni moliyalashtirish loyihasiga kiritishga urindi, biroq davlat byudjetini qisqartirishni talab qilgan respublikachilarning qarshiligiga duch kelib, bu mablag‘ni 6 milliard dollarga tushirdi. Ammo bu tashabbus ham qo‘llab-quvvatlanmagan.
Biroq Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish bo‘yicha alohida loyiha qonunchilar tomonidan ovozga qo‘yiladi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, kelasi hafta bu bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Qo‘shma Shtatlarda shutdown’lar tez-tez sodir bo‘ladi. Ammo bu yil ular allaqachon qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Byudjet loyihasi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi millionlab davlat xizmatchilari: mansabdor shaxslar va harbiy xizmatchilardan tortib, kommunal xizmatchilar va aeroport xodimlarigacha bo‘lgan ishlar to‘xtatilishining oldini olishga imkon berdi.
LiveBarchasi