AQSH Senati Ukraina, Isroil va Tayvanga yordam jo‘natishga rozi bo‘ldi
Olam
−
13 fevral
6948AQSH Senati bugun, 13 fevral kuni yakuniy ovoz berishda Ukraina, Isroil va Tayvanga 95,3 milliard dollarlik yordam paketini ma’qulladi. Qonun loyihasi demokratlar ko‘pchilikni tashkil etgan Kongressning yuqori palatasida 70 ovoz yoqlab, 29 kishi qarshi ovoz bilan qabul qilindi va bu zarur bo‘lgan 60 ovozdan oshib ketdi. Loyihani qo‘llab-quvvatlaganlar orasida 22 nafar respublikachi ham bor.
Senatdagi Demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumerning ta’kidlashicha, ushbu hujjat “nafaqat milliy xavfsizlik, balki ittifoqchilar xavfsizligi, xususan, barcha G‘arb demokratiyalari xavfsizligiga ham tegishli”.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy senatorlarga yordam paketini ma’qullagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
"Amerika yordami Ukrainada adolatli tinchlikni yaqinlashtiradi va global barqarorlikni tiklaydi, bu esa barcha amerikaliklar va butun erkin dunyo uchun xavfsizlik va farovonlikni oshirishga yordam beradi", deb yozdi Ukraina davlat rahbari X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Qonun loyihasi endi Vakillar palatasiga yuboriladi, ammo spiker Mayk Jonsonning aytishicha, u rad etilishi mumkin. Bunng sababi shuki, hujjatning amaldagi tahririda quyi palatada hukmron Respublikachilar partiyasi qat’iy talab qilayotgan AQSHning janubiy chegarasida chegara nazoratini kuchaytirish xarajatlari kiritilmagan.
"Umumrespublikachilar munozaraning boshidanoq har qanday qo‘shimcha milliy xavfsizlik qonunchiligi milliy xavfsizlik o‘z chegaramizdan boshlanishini tan olishi kerakligini aniq aytdi", deydi Jonson.
Ta’kidlash joizki, deyarli ikki yildan beri Rossiyaning harbiy bosqinini to‘xtatib kelayotgan Ukrainaga AQSH harbiy yordami uchun yangi mablag‘ ajratish 2023 yilning kuzidan beri Kongressda kelishib bo‘lmaydi. Fevral oyi boshiga kelib, ikki partiya vakillari qonun loyihasi Meksika bilan chegarani mustahkamlash choralarini o‘z ichiga olishi haqida dastlabki kelishuvga erishdi. Biroq 7 fevral kuni Senatda hujjatning murosa varianti barbod bo‘ldi – respublikachilar fikri yetarlicha inobatga olinmagani sabab, uni qo‘llab-quvvatlamadi.
AQSH Prezidenti Jo Bayden respublikachilarni bu qarori uchun keskin tanqid qildi va voqeada uning kuzgi prezidentlik saylovlarida potensial raqibi Donald Trampni aybladi. Tramp avvalroq respublikachilarni chegara xavfsizligi borasida hech qanday murosaga bormaslikka chaqirgan edi.