AQSH Senati TikTok'ni taqiqlash tashabbusini ma’qulladi
Olam
−
15 dekabr 2022
2470Amerikalik senatorlar AQSH federal hukumat idoralariga tegishli elektron qurilmalarida TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Respublikachi senator Josh Xouli muallifligidagi hujjat matniga ko‘ra, ilova federal idoralarga tegishli ishchi qurilmalardan olib tashlanishi kerak. Bundan tashqari, ushbu qurilmalarda keyinchalik TikTok ilovasini yuklab olish va foydalanish butkul taqiqlanadi.
Senat tomonidan bir ovozdan ma’qullangan qonun loyihasi endi Prezident Jo Bayden tomonidan imzolanishidan oldin AQSH Vakillar palatasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 dekabr kuni amerikalik qonunchilar Kongressning ikkala palatasiga AQSHda TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlovchi, shuningdek, Rossiya, Xitoy va boshqa bir qator davlatlar nazoratidagi media-kompaniyalarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etgani haqida xabar berilgan edi.
Ozoda Choriyeva
LiveBarchasi