AQSH savdo kelishuvini xolis baholasin – Pekin

Olam

image

Xitoy Savdo vazirligi Vashingtonni ikki davlat o‘rtasidagi “birinchi bosqich” savdo kelishuvi ijrosiga nisbatan xolis va oqilona yondashuvga chaqirdi. Bayonot AQSH savdo vakili Jeymison Grir Xitoyning majburiyatlarga rioyasini tekshirish bo‘yicha 301-band doirasidagi surishtiruv davom ettirilishi va ehtimoliy tariflar qo‘llanilishi mumkinligi haqidagi chiqishidan so‘ng yangragan. Bu haqda “Sinxua” yozdi.

Pekin Vashingtonni aybni boshqa tomonga yuklamaslikka va har xil bahona qilib yangi bosim choralarini qo‘llamaslikka undagan. Agar AQSH tekshiruvni davom ettirsa yoki cheklov choralarini joriy qilsa, XXR o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur qadamlarni qo‘yishini bildirgan.

Vazirlikka ko‘ra, 2020 yildan beri Pekin pandemiya, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va global iqtisodiy pasayishga qaramay, kelishuv bo‘yicha majburiyatlarni bajargan. Xususan, intellektual mulk himoyasi, moliya va qishloq xo‘jaligi bozorlarini ochish, savdo hajmini oshirish bo‘yicha va’dalar amalga oshirilgani ta’kidlangan.

Shu bilan birga, Xitoy AQSHni eksport nazoratini kuchaytirish, sarmoya cheklovlarini oshirish va ikki tomonlama savdoga to‘sqinlik qiluvchi choralar ko‘rish orqali kelishuv ruhini buzganlikda ayblagan. Pekin ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarga tayanib, iqtisodiy muloqot mexanizmlaridan foydalanish va o‘zaro manfaatli nuqtalarni izlashga tayyor ekanini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp yangi global import bojlarini 15 foizgacha oshirmoqchi ekanini aytgan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing