AQSH Rossiyani bankrotlikka yaqinlashtirmoqda
Olam
−
25 may 2022
29417AQSH Moliya vazirligi Rossiya tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish imkonini beruvchi 9S bosh litsenziyasini yangilamaydi. Bu haqda AQSH Xorijiy aktivlarni nazorat qilish departamenti (OFAC) saytidagi xabarda aytiladi.
Litsenziyaning amal qilish muddati 25 may kuni Moskva vaqti bilan soat 07:01 da tugadi.
OFAC qarori Rossiyani tashqi qarzi bo‘yicha ehtimoliy defoltga yaqinlashtirishi mumkin, deya ta’kidlamoqda "Bloomberg".
Sanksiyalar tufayli Rossiya hukumati xorijiy banklar orqali investorlarga AQSH dollarida pul o‘tkazishda muammolarga duch kelishi mumkin. AQSH banklari va fuqarolariga Rossiya obligatsiyalari bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish taqiqlanadi, deya ta’kidladi OFAC.
Rossiya aprel oyidayoq qarzlariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolarga duch keldi: Rossiya Moliya vazirligi yevroobligatsiyalarning bir nechta emissiyasi uchun rublda to‘lashga tayyor edi, ammo oxir-oqibat imtiyozli davr tugashidan oldin to‘lovni chet el valyutasida amalga oshirdi.
"Bloomberg" buning uchun Rossiya ichki dollar zaxiralaridan foydalangani haqida yozdi. Rossiya banki sanksiyalar tufayli xalqaro zaxiralarining yarmidan mahrum bo‘ldi. Mart oyida Moliya vazirligi Rossiya 640 milliard dollarga teng bo‘lgan umumiy aktivlarining 300 milliard dollarini tasarruf eta olmasligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, 18 may kuni Rossiya Moliya vaziri Anton Siluanov davlat tashqi qarzini dollarda xizmat ko‘rsatishga ruxsat beruvchi litsenziya uzaytirilmasa, uni rublda to‘lash niyatida ekanligini yana bir bor ma’lum qildi.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi