AQSH Rossiyagacha ucha oladigan ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi

Olam

image

Kecha, 21 may kuni AQSH Harbiy-havo kuchlari Kaliforniyadagi Vandenberg fazo bazasidan qurolsizlantirilgan Minuteman III qit’alararo ballistik raketasini muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda AQSH Harbiy-havo kuchlari xabar berdi.

Qayd etilishicha, raketa Tinch okeani vaqti bilan soat 12:01 da uchirilgan bo‘lib, u 4,2 ming mil (taxminan 6759 km) masofani bosib o‘tgan va Ronald Reygan nomidagi raketaga qarshi mudofaa sinov poligoniga yetib borgan. Mazkur poligon Marshall orollarida joylashgan. Sinov raketasi yuqori aniqlikka ega Mark 21 moslamasi bilan jihozlangan. Bu moslama odatda yadro kallagi bilan jihozlanadi, ammo sinov paytida qurolsiz bo‘ladi.

Qo‘mondonlik bayonotiga ko‘ra, bu sinov rejalashtirilgan va davriy tadbirlar doirasida o‘tkazilgan bo‘lib, AQSH yadroviy to‘siq tizimining XXI asr tahdidlariga qarshi ishonchliligi va samaradorligini namoyish qilishga qaratilgan. Shuningdek, ular bu sinov jahon siyosatidagi joriy voqealarga javob emasligini alohida ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, Minuteman III – bu qattiq yoqilg‘ili, og‘irligi 36 tonnaga teng, AQSHdagi yagona yerga o‘rnatiladigan ballistik raketa bo‘lib, u 1970 yildan beri xizmatda. Hozirda AQSHda 400 dona shunday raketa mavjud. Ular muntazam ravishda sinovdan o‘tkaziladi va modernizatsiya qilinadi. Bundan oldingi sinov 2024 yil fevralida o‘tkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Mudofaa vazirligi Guam orolida havo orqali uchirilgan o‘rta masofali ballistik raketani muvaffaqiyatli yo‘q qilish bo‘yicha sinovlar o‘tkazilganini e’lon qilgandi. Sinovda Aegis Guam tizimi yangi AN/TPY-6 radar va vertikal ishga tushirish tizimi bilan integratsiyalashgan holda RTX Corp kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Standard Missile-3 Block IIA raketasini uchirgan. Ushbu raketa muvaffaqiyatli havo orqali uchirilgan o‘rta masofali ballistik raketani yo‘q qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya ballistik raketa Minuteman III

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing