AQSH Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yana kengaytirdi
Olam
−
31 mart 2022
10024Bugun, 31 mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Moliya vazirligi Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatini yana kengaytirdi. Bu safar ro‘yxat 13 nafar jismoniy shaxs va 21 ta kompaniyani o‘z ichiga olgan. Bu haqda TASS xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, cheklovlar muhim G‘arb texnologiyalarini sotib olishning oldini olish maqsadida Rossiya texnologiya sektori ishtirokchilariga nisbatan qo‘llanilmoqda.
Sanksiyalar ro‘yxatidan “Sertal”, “ Serniya injiniring”, “Vektor” ilmiy tadqiqot instituti, “Mikron” OAJ va “T-Platforma” ham joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sobiq sovet respublikalari ittifoqi har doim sanksiyalar ostida yashagani va ulkan muvaffaqiyatlarga erishganini aytgan edi. Unga ko‘ra, hozirgi sanksiyalar nafaqat Rossiya balki, dunyo iqtisodiyotiga ham ta’sir qiladi.
Ma’lumot uchun, G‘arb mamlakatlari Ukrainada boshlangan urushga javoban Rossiyani har tomondan siquvga olib, og‘ir sanksiyalarni qo‘llay boshladi. Rubl kursi quladi, Rossiya banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. Markaziy bankning xorijdagi oltin-valyuta zaxiralari bloklandi. Millarderlarning ham chet eldagi ko‘plab hisoblari muzlatildi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Bunday sanksiyalarga Rossiya ham jim qarab turmayapti. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi AQSHga qarshi javob sanksiyalarni e’lon qildi. Moskva “qora ro‘yxat”ga AQSH Prezidenti Jo Bayden, Davlat kotibi Entoni Blinken, Mudofaa vaziri Lloyd Ostin, AQSH Prezidentining o‘g‘li Xanter Bayden va boshqalarni kiritgan.
Shuningdek, AQSH moliya vazirligi ayerokosmik sektor, elektronika ishlab chiqaruvchilari va Rossiya iqtisodiyotining bir qator boshqa tarmoqlariga qarshi sanksiyalar joriy etishga tayyorligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi