AQSH Rossiya armiyasini mikrochiplar bilan ta’minlayapti(mi?) 

Olam

image

Rossiya harbiy arsenalini “yonilg‘i” bilan ta’minlab turuvchi mikrochiplarning katta qismi AQSHdan import qilinishi aniqlandi. Bu haqda “CNBC” nashri xabar berdi.

Yarimo‘tkazgichlar va mikrochiplar urushda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Xususan, ular dronlar, radiolar, raketalar va zirhli transport vositalarining asosini tashkil qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya harbiy texnikasida aniqlangan xorijiy komponentlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i shtab-kvartirasi AQSHda joylashgan kompaniyalardan, qolganlari esa Ukraina ittifoqchilari, jumladan, Yaponiya va Germaniyadan olib kelingan.

Britaniyaning Qirollik birlashgan xizmatlar instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotga ko‘ra, Rossiya armiyasi o‘zining 27 ta eng zamonaviy harbiy tizimida, jumladan, qanotli raketalar, aloqa tizimlari va elektron urush komplekslarida 450 dan ortiq turli xil xorijiy komponentlardan foydalanadi. Ushbu qismlarning aksariyati AQSH harbiylari uchun mikroelektronika yaratadigan taniqli AQSH kompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladi.

Vaholangki, g‘arb davlatlarida ilg‘or texnologiyalarning aksariyati Moskvaga va uning harbiylariga qarshi keng ko‘lamli savdo taqiqlari bilan ishlab chiqariladi. Oziq-ovqat va dori-darmonlardan tashqari, AQSHda ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar Rossiya armiyasiga yetib borishi man qilingan.

Shu yil iyun oyida esa Yevropa Ittifoqi ham sanksiyalarning yangi paketini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya uchun vositachi bo‘lgan ayrim uchinchi davlatlarga sanksiyalangan tovarlar va texnologiyalarni sotish, yetkazib berish yoki eksport qilishda cheklovlar qo‘yildi. 

Paket shuningdek, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari va Armanistondagi 87 yangi kompaniyani “Rossiya armiyasini bevosita qo‘llab-quvvatlovchilar” ro‘yxatiga qo‘shdi. Shuningdek, Ittifoq Ukrainadagi Rossiya harbiy texnikasidan topilgan 15 ta texnologiyani eksport qilishni chekladi.

Barcha sanksiyalarga qaramay, birgina 2022 yilning o‘zida Rossiya umumiy hisobda 2,5 milliard dollarlik yarimo‘tkazgich texnologiyalarini import qilgan. Bu 2021 yildagi 1,8 milliard dollar qiymatdan sezilarli darajada ko‘p.

“Rossiya hali ham o‘z armiyasi uchun G‘arb tomonidan ishlab chiqarilgan barcha zarur muhim komponentlarni import qiladi. Sanksiyalardan qochish hozirda hayratlanarli darajada bema’ni”, dedi Peterson xalqaro iqtisodiyot instituti katta ilmiy xodimi Elina Ribakova.

Bildirilishicha, ayni paytda, Ukrainaning G‘arb ittifoqchilaridan tashqari ko‘plab davlatlar Rossiya bilan savdo qilishda davom etmoqda.

“Mikroelektronikaning chegaralarni kesib o‘tishini va global savdoda ishtirok etishini to‘xtatish qiyin. Bundan Rossiya sanoati, shuningdek, Rossiya armiyasi va uning razvedka xizmatlari foydalanmoqda”, dedi Dengiz tahlillari markazi maslahatchisi Sem Bendet.

Eslatib o‘tamiz, Xitoy firmalari, jumladan, hukumatga aloqador bo‘lgan kompaniyalar Rossiya sub’ektlariga 1000 ta avtomat va harbiy maqsadlarda ishlatilishi mumkin bo‘lgan boshqa jihozlar, xususan, dron qismlari va tana zirhlarini yuborgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya armiya texnologiya mikrochip g'arb

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing