AQSH “Rosatom” qurayotgan AESga sanksiyalarni bekor qildi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari “Rosatom” tomonidan Vengriyada qurilayotgan atom elektr stansiyasini (AES) sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Bu haqda kecha, 12 noyabr kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Kanadada bo‘lib o‘tgan “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvidan so‘ng ma’lum qildi.

“AESning ikkinchi bosqichi allaqachon qurilyapti va ular (vengerlar) uni tugatishlari kerak. Loyiha Rossiya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilayotgani uchun, biz ular uni yakunlay olishini xohlaymiz”, dedi Rubio. 

Uning ta’kidicha, bu Vengriyaning energetik mustaqilligi uchun zarur.

“Rosatom” ishtirokida “Paksh” atom stansiyasini kengaytirishga qarshi sanksiyalar 2024 yil noyabrida demokrat Jo Bayden rahbarligidagi AQSHning oldingi ma’muriyati tomonidan joriy etilgan edi. 2025 yil 29 iyunda Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qilganidek, respublikachilar rahbari Donald Trampning yangi ma’muriyati bu cheklovlarni bekor qildi.

11 sentyabr kuni Lyuksemburgdagi Yevropa Ittifoqi sudi YeI Komissiyasining Vengriyaning Rossiya bilan hamkorlikda yangi “Paksh” energobloklarini qurish uchun ajratgan moliyaviy hissasini ma’qullagan qarorini bekor qildi. Sudning ta’kidlashicha, Yevrokomissiyada Budapeshtning “Rosatom” konserni bilan tendersiz to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzishini ma’qullash uchun yetarli asoslar bo‘lmagan.

Rossiya va Vengriya 2014 yilda “Paksh” AESda 5 va 6-energobloklarni (“Paksh-2”) qurish bo‘yicha hujjatlarni imzolagan. Loyihaning umumiy qiymati 12,5 milliard yevro deb baholangan. 2022 yil avgust oyida Vengriya atom energetikasi agentligi “Rosatom”ga qurilishga ruxsat bergan. 2023 yil may oyida Yevrokomissiya stansiya qurilishi va loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’qulladi.

O‘sha yilning noyabrida Vengriya hukumati va Rossiya davlat korporatsiyasi ish jadvalini imzolagan. Ikki yangi energoblokni tarmoqqa ulash 2030 yillar boshiga mo‘ljallangan.

Siyyartoning aytishicha, Vengriya va Rossiya o‘rtasidagi hisob-kitoblar Rossiyaning “Gazprombank” orqali amalga oshirilgan – ushbu bank 2024 yil noyabrida AQSH sanksiyalariga tushgan edi. 2024 yil dekabrida esa Bryussel AQSHdan “Gazprombank”ka nisbatan sanksiyalarni yumshatishni so‘ragan, chunki u Yevropa mamlakatlariga Rossiya gazi uchun to‘lovlarda hal qiluvchi rol o‘ynaydi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh sanktsiya Rosatom AES Vengriya Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing