AQSH razvedkasini sharmanda qilib, ruslardan boshpana topgan amerikalik josus Snouden kim edi?

Tahlil

image

Qochqin. Og‘riqli nom. Xotiralar, sog‘inch, xavotir... Dunyoda bu tuyg‘ular bilan ta’qib va tahdid ostida yashayotganlar talaygina. Ishonasizmi yo yo‘q, har daqiqada yer yuzida 24 kishi o‘zi yashab turgan zamindagi urush, qurolli to‘qnashuvlar, so‘z erkinligi va inson huquqlarining buzilishi, Hukumatning bosimi ostida Vatanini tark etadi. Bugun sayyoramizda 80 milliondan ortiq inson istar-istamas qochqin degan tamg‘a bilan yashamoqda

Bugun, 20 iyun “Butunjahon qochqinlar kuni”. Shu munosabat bilan yuqorida qayd etilgan 80 million taqdirlar ichida shov-shuvli va shu bilan birga eng xatarli kunlarni boshidan o‘tkazgan amerikalik josus Edvard Snouden haqida suhbatlashamiz. 

Snoudenning AQSH razvedkasini fosh qilishi

Edvard Snouden – amerikalik texnik mutaxassis va maxsus agent, Markaziy razvedka boshqarmasi va AQSH Milliy xavfsizlik agentligining (MXA) sobiq xodimi. 2013 yil iyun oyi boshida Snouden Britaniyaning “The Guardian” va AQSHning “The Washington Post” gazetalari orqali Amerika razvedka xizmatlarining qabih ishlarini fosh qilgandi. Snouden taqdim qilgan faktlarga ko‘ra, AQSH razvedkasi mavjud axborot tarmoqlaridan hech kimning roziligisiz foydalangan holda dunyoning barcha davlatlarini kuzatgan hamda istalgan insonning shaxsiy ma’lumotlariga ega chiqqan. Shundan so‘ng, dunyo hamjamiyatida demokratiya targ‘ibotchisi — AQSHga nisbatan nafrat kuchayib ketdi. 

Hammasi qanday sodir bo‘lgandi?

Pentagon hisobotiga ko‘ra, sobiq maxsus agent Snouden AQSH razvedkasidan 1,7 million maxfiy fayllarni o‘g‘irlab ketgan. Sobiq agentning o‘g‘irlikdan ko‘zlagan maqsadi AQSH razvedkasining jinoyatlarini isbotlash uchun dalillarga ega chiqish edi. Isbot va dalillarsiz hech kim uni nafaqat eshitmagan, balki telbaga chiqargan bo‘lardi. Bu hujjatlarning aksariyati “AQSH armiyasi, dengiz floti, dengiz piyoda qo‘shinlari va havo kuchlarining o‘ta muhim operatsiyalari” to‘g‘risida bo‘lgan. Maxfiy hujjatlar o‘g‘irlab ketilganidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlarda 2013 yil 14 iyunda Snoudenga josuslik va davlat mulkini o‘g‘irlashda sirtdan ayblov e’lon qilindi. U AQSH rasmiylari tomonidan xalqaro qidiruvga berildi. 

Nega u o‘z Vatani razvedkasini sotdi? 

Yuqorida qayd etilganidek, u AQSH razvedkasida ishlagan. U maxfiy operatsiyalar vaqtida razvedka istalgan insonning shaxsiy ma’lumotlariga, yozishmalariga kira olishi va undan foydalanishi mumkinligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Bu esa uning ahloqiy dunyoqarashiga to‘g‘ri kelmagan. Razvedka sudning qarorisiz, odamlarning ruxsatisiz shaxsiy ma’lumotlarga ega chiqishi, undan bemalol foydalanishi va eng yomoni smartfon, noutbuklarning kamera hamda mikrafonlari orqali har qaysi insonni kuzatishini Snouden normal qabul qila olmagan. U bularning barchasini insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat, deya baholagan. 

Xalqaro qidiruvga berilgan Snouden qayerdan boshpana topdi?

Razvedka hujjatlarini o‘g‘irlagan Snouden, dastlab Xitoyga, aniqrog‘i Gonkongga qochib ketdi. Keyin Rossiyaga uchdi. U yerda bir oydan ko‘proq vaqt davomida “Sheremetevo” aeroportining tranzit zonasida yashadi. Qayd etish kerakki, “Sheremetevo” aeroporti tez-tez siyosiy voqeliklarning guvohi bo‘lib turadi. Jumladan, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy ham aynan shu aeroportda hibsga olingan. 

Aeroportda yashayotgan Snouden 2013 yil 1 avgustda Rossiya Federatsiyasidan vaqtincha boshpana oldi. Bir yil o‘tib uch yillik, bu muddat tugaganida esa yana uch yillik yashash uchun guvohnoma olgan sobiq josus 2020 yilda Rossiyada muqim yashash guvohnomasiga ega bo‘ldi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan uning ayni vaqtda Rossiyaning qayerida yashayotgani to‘g‘risida ma’lumot mavjud emas.

 

Snoudenga kim yaqindan yordam bergan?

Wikileaks haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu — anonim manbalardan olingan maxfiy ma’lumotlarni nashr etadigan xalqaro notijorat tashkilot. Wikileaks’ning asoschisi avstraliyalik internet jurnalisti va teleboshlovchi Julian Assanj hisoblanadi. U vir vaqtning o‘zida ushbu tashkilotning bosh muharriri va direktoridir. Aynan Assanj o‘z jamoasi bilan Snoudenga AQSHni tark etishga yordam bergan. Bundan tashqari, Assanj va uning komandasi Snoudenga AQSHni fosh qilish uchun tashkiliy ishlarda, jumladan ishonchli OAV bilan bog‘lanishda ham ko‘maklashgan. Shu bilan birga, Assanj Snoudenga Xitoy yoki Rossiyaga qochishni ham maslahat bergan.

Qayd etish kerakki, Assanjning o‘zi bugun Britaniyada qamoqda o‘tiribdi. Amerika rasmiylari Wikileaks asoschisini josuslik va maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishda ayblamoqda. Buning uchun u 175 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Assanj Afg‘oniston va Iroqda AQSH harbiylarining noqonuniy harakatlarini fosh etuvchi materiallari bilan tanilgan. U AQSHning harbiy harakatlari paytida tinch aholining o‘ldirilishi hamda Amerikaning Guantanamo qamoqxonasidagi sharoitlar to‘g‘risida maxfiy ma’lumotlarni ommaga e’lon qilgan.

Foto: Julian Assanj

Julian Assanj rossiyalik jurnalist Vladimir Poznerga bergan intervyusida nega Rossiya yoki Xitoyga qochib ketmagani, aksincha, AQSHning gapi o‘tadigan Buyuk Britaniyada qolgani haqidagi savolga javob bergan. Uning fikriga ko‘ra, agar u Rossiyaga qochganida G‘arb undan Moskva josusini yasashi mumkin edi.  

Snouden haqida ishlangan hujjatli film

2016 yilda amerikalik rejissyor Oliver Stoun sobiq agent Edvard Snouden haqida hujjatli film oldi. Ushbu film AQSH butun dunyoni inson huquqlarini poymol qilgan holda kuzatishini ochib bergan va yanada ko‘proq odam Amerika razvedkasining jinoiy xatti-harakatlaridan xabar topishiga sabab bo‘lgan. 

Foto: Snouden filmidan kadr

Rejissyor Stoun jurnalist Poznerga bergan intervyusida nega AQSH Rossiyadan Snoudenni talab qila olmagani yoki olib chiqib ketmagani haqida so‘z ochgan. Unga ko‘ra, Rossiya yadro quroliga ega mamlakat va uning harbiy salohiyati AQSHning haddidan oshishiga yo‘l qo‘ymaydi. 

Rossiya Prezidenti Snouden haqida

2013 yilda G20 sammiti yakuni bo‘yicha o‘tkazgan matbuot anjumanida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvada bo‘lib turgan Snouden haqida gapirgan. Putin o‘sha sammit doirasida AQSHning 44-Prezidenti Barak Obama bilan Snouden masalasini, hatto, muhokama qilmaganini aytgan. 

“Rasmiy Moskva Snoudenni Rossiyaga taklif qilmagan. U bizga tasodifan kelib qoldi”, deydi Putin. 

Uning ta’kidlashicha, AQSH o‘z vaqtida Rossiyada qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilarni berishdan bosh tortgan, shunday ekan Rossiya ham bunday qilmaydi. 

2014 yilda Putin Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida Snoden haqida yana bir bor to‘xtalib, “Rossiya inson huquqlari uchun kurashuvchi jangchilarni berib qo‘yadigan davlat emas”ligini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1259

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing