AQSH razvedkasi josuslarni yollash uchun Telegram'da kanal ochdi
Olam
−
16 may 2023
5710AQSH Marakziy razvedka boshqarmasi (MRB) Ukraina urushi va Rossiyadagi hayotdan norozi bo‘lgan rossiyaliklarni yollash uchun rus tilida yuritiluvchi kanal ochdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Qayd etilishicha, kanalга shu yilning 13 aprel kuni asos solingan va hozirda uning to‘rt mingdan ortiq obunachisi bor. Boshqarma Telegram-kanaliga video joylashtirgan bo‘lib, unda MRB bilan xavfsiz va anonim tarzda bog‘lanish yo‘llari tushuntirilgan. Video, shuningdek, YouTube, Twitter, Instagram va Facebook kabi boshqa ijtimoiy media platformalarida ham joylashtirilmoqda.
Loyihada ishtirok etgan rasmiylardan birining ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi rossiyaliklarning MRBga murojaat qilishi va muhim ma’lumotlarni ochiqlashi uchun tarixiy imkoniyatni yaratgan.
“Biz ruslarga o‘z ona tillarida ular nimalarni boshdan kechirayotganlaridan xabarimiz borligini yetkazmoqchimiz”, deydi u.
U, shuningdek, bu loyiha Rossiya fuqarolari orasida hukumatdan g‘azab yoki tartibsizlikni kuchaytirish uchun tashkil qilinmaganini aytgan. Zero, Rossiyada Putin hali ham qattiq qo‘llab-quvvatlanadi. Aksincha, bu loyiha qanday qaror qabul qilishda ikkilanayotgan shaxslarga qaratilgan va ularning MRBga murojaat qilishga undash uchun ishlab chiqilgan. Telegram-kanalning maqsadi Rossiya yoki undan tashqaridagi shaxslardan minglab va hatto o‘n minglab muhim ma’lumotlarni olish ekani aytilmoqda.
AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi kontrrazvedka bo‘limining sobiq rahbari Jeyms Olson boshqarmaning ijtimoiy tarmoqlarda olib borayotgan sa’y-harakatlarini yuqori baholab, hozirgi ruslarni yollash uchun eng yaxshi payt ekanini aytgan.
“Hozir u yerda juda ko‘p norozi rossiyaliklar bor. Ular Putinning Ukrainadagi qardoshlariga qilayotgan ishlaridan uyalib, jirkanadilar. U Rossiyani vayron qilyapti, rus yigitlarini o‘ldiryapti. Rossiyada yaxshi odamlar, xususan, bunga qarshi javob berishni istovchi razvedka xodimlari ham bor”, deydi u.
Xabarlarga ko‘ra, MRB ushbu loyihani amalga oshirayotgan bir paytda Rossiya Federal qidiruv byurosi Vashingtondan kelayotgan va u yerga ketayotgan ruslarning shaxsiy telefonlarini kuzatuvga olmoqda. Federal qidiruv byurosi ushbu ish bilan Ukraina urushidan oldin ham shug‘ullangani aytiladi. Byuro bu ishda Putinning “Biz sizni eshitishga tayyormiz” degan mashur iborasini faol qo‘llaydi.
LiveBarchasi