AQSH Putinni APEC sammitiga taklif qilmaydi – WP
Olam
−
28 iyul 2023
6337AQSH rasmiylari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni joriy yilning noyabr oyida Kaliforniyaning San-Fransisko shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitiga taklif qilmoqchi emas. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni AQSH rasmiylariga tayanib, “The Washington Post” nashri xabar berdi.
Aytilishicha, 2022 yilda sanksiyaga uchragan va umuman AQSHga kirishi taqiqlangan Putinga Vashington ruxsat bermasa, u APEC sammitiga qatnasha olmaydi.
Bundan tashqari, Oq uy Gonkong ma’muriyati rahbari Jon Lini ham sammitda ishtirok etishga ruxsat bermaslikka qaror qilgan. Vashington u va boshqa ba’zi Xitoy rasmiylariga nisbatan sanksiyalar joriy etgan.
“Biz APEC mamlakatlari barcha delegatsiyalarining AQSH qonunlari va qoidalariga muvofiq ishtirok etishiga ishonamiz”, degan Oq uy rasmiysi.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili esa AQSH rasmiylarining bunday yondashuvi APEC normalarini va AQSH o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarni buzishini aytgan.
Ma’lumot uchun, APEC sammiti shu yilning 15-17 noyabr kunlari San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadi. Forumda 19 ta davlat va 2 ta hudud vakillari qatnashadi. APEC’ga Avstraliya, Bruney, Indoneziya, Kanada, Malayziya, Yangi Zelandiya, Singapur, AQSH, Tailand, Filippin, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Meksika, Papua-Yangi Gvineya, Chili, Rossiya, Vetnam va Peru, shuningdek, 1991 yildan Gonkong va Tayvan kiradi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq joriy yilning 22-24 avgust kunlari Janubiy Afrikaning Yoxannesburg shahrida bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida ham Putin shaxsan ishtirok etmasligi, uning o‘rniga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavroni Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilishi ma’lum bo‘lgandi. Prezident Putin esa sammitda videoaloqa orqali qatnashga qaror qilgandi.
LiveBarchasi