AQSH Panama kanali yaqiniga qo‘shin joylashtirishi mumkin
Olam
−
11 aprel 2417 3 daqiqa
Vashington va Panama o‘rtasidagi yangi kelishuvga ko‘ra, AQSH qo‘shinlari Panama kanali bo‘ylab bir qancha ob’ektlarda joylasha oladi. Bu haqda “yuqori mansabdor shaxslar” tomonidan imzolangan hujjatga tayanib, kecha, 10 aprel kuni AFP xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv amerikalik harbiy xizmatchilarga harbiy tayyorgarlik, manyovrlar va boshqa bir qator tadbirlarni o‘tkazish uchun Panama nazoratidagi ob’ektlarda joylashishiga imkon beradi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar kanalda yangi harbiy ob’ektlar qura olmaydi.
Biroq, bu shaklda ham, kelishuv Vashingtonga o‘n yillar oldin Panama kanaliga egalik qilgan paytda AQSH tomonidan qurilgan sobiq harbiy bazalarda noma’lum miqdordagi qo‘shinlarni joylashtirish huquqini beradi.
Agentlik buni AQSH Prezidenti Donald Trampga Vashingtonning dengiz yo‘lidagi ta’sirini tiklashga qaratilgan katta imtiyoz deb atadi.
Panama va Vashington o‘rtasida Panama kanali bo‘yicha kelishuv imzolanishidan oldin AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Panamaga tashrif buyurdi. Shu fonda u Xitoy kompaniyalari "Kanal zonasidagi muhim infratuzilmani nazorat qilishda davom etishini" va bu o‘z navbatida "Xitoyga Panamada sodir bo‘layotgan voqealarga josuslik qilish imkoniyatini berishini" aytdi.
Panama kanali infratuzilmasini nazorat qilish haqida gapirganda, Hegset, ehtimol, Gonkongning CK Hutchison xolding kompaniyasi tomonidan boshqariladigan ikkita asosiy portni nazarda tutgan. Mart oyi boshida amerikalik sarmoyadorlar xolding kompaniyasi bilan ushbu portlarni sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi, biroq Xitoy monopoliyaga qarshi regulyatori kelishuvni qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi va uni keyinga qoldirdi.
Hegset, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar "Panama hukumati va boshqa sheriklar bilan birgalikda" kanalni Xitoy ta’siridan qaytarib olib, uni barcha mamlakatlar uchun ochishga va’da berdi.
Shu bilan birga, AQSH Mudofaa vaziri Vashington Panama bilan Amerika harbiy kemalarining kanal orqali bepul va bojsiz o‘tishiga kelishib olganini ma’lum qildi.
Bu bayonotni Panama kanali ishlari vaziri Xose Ramon Icaza inkor qildi va mamlakat hali ham Vashingtondan harbiy kemalar o‘tishi uchun “tovon puli” so‘rashini aytdi.
Ma’lumot uchun, Atlantika va Tinch okeanlarini bog‘lovchi Panama kanali 1914 yilda AQSH tomonidan qurilgan. 1999 yilgacha mamlakat 82 kilometrlik suv yo‘lini nazorat qilib kelgan va u butunlay Panamaga o‘tkazilgan.
Joriy yil yanvar oyi oxirida Oq uyga qaytganidan beri AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington uchun Panama kanali ustidan nazoratni tiklash muhimligini bir necha bor ta’kidladi. Trampning so‘zlariga javoban Panama Prezidenti Xose Raul Mulino kanal “AQSH sovg‘asi” emasligini va u rahbarlik qilayotgan davlatga tegishli bo‘lib qolishini aytdi.
Shu bilan birga, fevral oyi boshida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan muzokaralardan so‘ng Mulino Xitoy bilan “Bir kamar va yo‘l” tashabbusi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini uzaytirishdan bosh tortdi.
Live
Barchasi