AQSH Ozarbayjon va Armanistonni yarashtirmoqchi
Olam
−
30 aprel 2023
3513Bugun, 30 aprel kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov va Armaniston Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan amaliy tashrif bilan AQSHga jo‘nab ketdi. Bu haqda ikki davlat TIVlari matbuot xizmatlari xabar berdi.
Aytilishicha, vazirlarning safari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda. Tashrif doirasida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida “Tinchlik shartnomasi” loyihasi bo‘yicha navbatdagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, kecha, 29 aprel kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilgan. Suhbat davomida Blinken Baku va Yerevan o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni Kavkazortidagi keskinlikni bartaraf etishning yagona yo‘li deb bilishini aytgan.
“Kotib Blinken Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining muhimligini ta’kidladi, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanishiga ishontirdi”, deyiladi departament bayonotida.
LiveBarchasi