AQSH Milliy razvedka rahbari iste’foga chiqdi
Olam
−
14:08 1214 2 daqiqa
AQSH Milliy razvedkasi direktori Tulsi Gabbard AQSH Prezidenti Donald Tramp nomiga yozilgan iste’fo haqidagi arizasini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Afsuski, men joriy yilning 30 iyunidan boshlab iste’foga chiqishga majburman. Turmush o‘rtog‘im Avraamda suyak saratonining kam uchraydigan turi aniqlandi. Yaqin haftalar va oylarda uni og‘ir sinovlar kutmoqda. Ayni paytda uni ushbu kurashda qo‘llab-quvvatlash uchun davlat xizmatini tark etishim kerak”, deydi Gabbard.
Uning iste’fosi haqida Donald Tramp ham munosabat bildirdi.
“Tulsi aql bovar qilmas darajada ulkan ishlarni amalga oshirdi va biz uni sog‘inib qolamiz. Uning hurmatli birinchi o‘rinbosari – Milliy razvedka direktorining birinchi o‘rinbosari Aaron Lukas Milliy razvedka direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlanadi”, deb yozdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Aaron Lukas 55 yoshda bo‘lib, 20 yildan ortiq vaqt davomida MRB (CIA)da faoliyat yuritgan.
Ushbu voqealar fonida “Reuters” manbalari Oq uy allaqachon Gabbardning faoliyatidan “anchadan beri norozi” bo‘lib kelganini xabar qilmoqda. Bu norozilikning alomatlaridan biri sifatida, ehtimol, AQSHning Venesuelaning ag‘darilgan prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha harbiy operatsiyasi hamda Yaqin Sharqdagi mojaro muhokamalarida Gabbardning ishtirok etmaganini ko‘rsatish mumkin. Norozilikning ehtimoliy sabablari qatorida Gabbardning sobiq prezident Jon Kennedining o‘limi bilan bog‘liq hujjatlarni maxfiylikdan chiqarish, saylovlarning haqqoniyligi va qonuniyligini hamda COVID-19 ning kelib chiqishini o‘rganish bo‘yicha olib borgan ishlari tilga olinmoqda. Xususan, o‘tgan yilning bahorida Gabbard AQSH hududi hisoblangan Puerto-Rikodagi ovoz berish tizimlari bo‘yicha tergov o‘tkazgan edi. Ushbu tergovdan maqsad Federal qidiruv byurosi bilan hamkorlikda Venesuela AQSH hududidagi ovoz berish mashinalarini buzib kirib (xakerlik qilib), saylov natijalariga aralashgani haqidagi da’volarni o‘rganish edi.
Bundan tashqari, o‘tgan yili Gabbard MRB uchun kutilmagan tarzda, maxfiylik huquqidan mahrum etilgan 37 nafar amaldagi va sobiq mulozimlar ro‘yxatiga agentlikning yashirin ishlab yurgan yuqori martabali xodimini ham kiritib qo‘ygan va shu tariqa uning shaxsini oshkor qilib qo‘ygan. Bu holat ham AQSH ma’muriyatida jiddiy norozilikka sabab bo‘lgan va “Reuters” ma’lumotlariga ko‘ra, uning ishdan bo‘shatilishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi