AQSH–Meksika chegarasini bog‘lovchi yashirin tunnel topildi
Olam
−
03 iyun 3301 1 daqiqa
Meksika Bosh prokuraturasi joriy yilning 31 may kuni Tixuana shahri yaqinida AQSH chegarasiga olib borishi mumkin bo‘lgan murakkab yerosti tunnelini aniqladi. Bu haqda “Fox News” xabar berdi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, tunnel qurol-yarog‘, portlovchi moddalar va giyohvand moddalarni noqonuniy tashishda foydalanilgan bo‘lishi mumkin.
Aniqlanishicha, tunnelning uzunligi taxminan 265 metrni, chuqurligi esa 6,3 metrni tashkil etadi. Unda yoritish va shamollatish tizimlari hamda yuklarni ikki tomonga tashish uchun mo‘ljallangan elektron transport mexanizmi mavjud bo‘lgan.
Operatsiya natijasida umumiy og‘irligi 1029 kilogramm bo‘lgan, qiymati qariyb 45 million dollarga teng kokain hamda o‘q-dorilar, metamfetamin, marixuana va turli hujjatlar musodara qilingan. AQSH rasmiylarining ma’lum qilishicha, ushbu musodara Meksikaning eng yirik jinoiy tashkilotlaridan biri hisoblangan “Xalisko – Yangi avlod karteli”ga jiddiy zarba bo‘lgan. Mazkur jinoiy ish doirasida to‘rt nafar gumonlanuvchi hibsga olingan. Ularga taqiqlangan moddalarni tarqatish va noqonuniy tunnellardan foydalanish ayblovlari qo‘yilgan. Aybdor deb topilgan taqdirda, ular umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Meksika Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tunnel AQSHning San-Diyego shahridagi ko‘chalardan biriga chiqishi mumkin. Biroq tunnelning AQSH tomonidagi chiqish nuqtasi hozircha rasman tasdiqlanmagan.
AQSH va Meksika rasmiylari yerosti kontrabanda yo‘llariga qarshi kurash davom etishini bildirgan.