AQSH Kongressi vakillari O‘zbekistonga keladi
Jamiyat
−
06 noyabr 3133 1 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrif doirasida kecha, 5 noyabr kuni o‘ziga ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, AQSH Kongressida O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus samarali faoliyat olib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. .
Kongress oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishi muhim ekani ta’kidlangan.
Hududlararo aloqalarni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan G‘arbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuv yakunida AQSH Kongressi vakillarining O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashingtonda Prezident Shavkat Mirziyoyevni AQSHda ishlayotgan va ta’lim olayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar kutib olgandi.
Live
Barchasi