AQSH Kiyevga yangi ATACMS raketalarini yetkazib berishga moyil – NBC
Olam
−
20 fevral
3381AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi zamonaviy raketalar bilan ta’minlash ustida ishlamoqda. Bu haqda kecha, 19 fevral kuni nomi oshkor etilmagan ikki amerikalik rasmiyga tayanib, Amerikaning NBC News telekanali xabar berdi.
Qayd etish joizki, 2023 yilning kuzida Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga ATACMS raketa tizimlarini yetkazib berishni boshlagan, ammo hozirgacha bular o‘rta masofaga ega bo‘lgan kamroq zamonaviy modellar edi. Telekanal suhbatdoshlarining aytishicha, endilikda Vashington Ukrainaga “Rossiya nazoratidagi Qrim yarimorolida uzoq masofali zarbalar berish” imkonini beradigan raketalarni yetkazishga moyil.
Mudofaa rasmiylarining NBC News telekanaliga aytishicha, Qo‘shma Shtatlarda ATACMS tizimlari cheklangan va o‘z zaxirasini to‘ldirish uchun ularni Ukrainaga pulsiz yuborishi dargumon. Shu bilan birga, agar Kongress Ukrainaga yordam berish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullasa, uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalari ushbu mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan birinchi harbiy yordam paketlaridan biriga kiritilishi mumkin.
“Agar mablag‘ ma’qullansa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga zudlik bilan jo‘natish uchun ham artilleriya, ham o‘q-dorilarga ega”, deya qo‘shimcha qildi rasmiylar.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 17 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuv chog‘ida “ATACMS masalasini muhokama qilishga ko‘p vaqt sarflaganini” aytgan. Kulebaning aniqlik kiritishicha, Ukrainaga 300 km masofaga ega ushbu kompleksning modeli kerak, uning yordami bilan Ukraina Qurolli kuchlari oldingi chiziqdan ancha orqada joylashgan Rossiya armiyasining logistika va ta’minot zanjirlarini yo‘q qilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 13 fevral kuni AQSH Senati Ukraina, Isroil va Tayvanga 95,3 milliard dollarlik yordam paketini ma’qulladi. Shu bilan birga, Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson kongressmenlar katta ehtimol bilan ushbu qonun loyihasini rad etishini aytdi, chunki hujjatning amaldagi tahririda Respublikachilar partiyasi talab qilayotgan AQSHning janubiy chegarasida nazoratni kuchaytirish xarajatlari mavjud emas.
LiveBarchasi