AQSH O‘zbekistonni “Jekson-Venik” tuzatishidan chiqarish rezolyutsiyasini ko‘rib chiqadi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

AQSH Kongressi Vakillar palatasining Tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi O‘zbekistonga nisbatan “Jekson-Venik” tuzatishi qo‘llanilishini butunlay olib tashlash masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasiga tayanib, “Dunyo” agentligi xabar berdi.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov ikki tomonlama savdo-sotiqdagi cheklovlarni bekor qilish va mamlakatimizga nisbatan Jekson-Venik tuzatishi qo‘llanilishini butunlay olib tashlash bo‘yicha sa’y-harakatlar doirasida AQSH Kongressi vakillari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi

AQSH Vakillar palatasidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus”ning hamraisi, Missisipi shtatidan saylangan kongressmen Trent Kelli muloqot chog‘ida uning idorasiga O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasidan tegishli murojaat kelib tushganini tasdiqladi. Kongressmen so‘zlariga ko‘ra, parlamentning ushbu masala bilan shug‘ullanadigan qo‘mitasi O‘zbekiston tomonidan taqdim qilingan respublikaga nisbatan Jekson-Venik tuzatishining qo‘llanishini bekor qilishga asos bo‘ladigan dalillarni diqqat bilan o‘rganib chiqdi.

Trent Kellining so‘zlariga ko‘ra, ushbu qo‘mitadan olingan tavsiyalar asosida kongressmen ushbu hujjatning O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifni o‘z ichiga olgan rezolyutsiya loyihasini tayyorlagan va ushbu hujjat AQSH Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.

"O‘zbekiston bo‘yicha kokus"ning yana bir a’zosi, Nebraska shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Don Bekon ham Vakillar palatasining O‘zbekistonga nisbatan ushbu tuzatish qo‘llanilishini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Kanzas shtatidan saylangan Kongress a’zosi Ron Estes Jekson-Venik tuzatishini o‘tgan asr aks-sadosi, deb hisoblaydi. Uning fikriga ko‘ra, bu sobiq ittifoq hududida tashkil topgan mustaqil davlatlarga, shu jumladan, 30 yil oldin tarqab ketgan mamlakatga qo‘llanilgan cheklov choralarining sabablari bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanilmasligi kerak. Kongressmen tegishli qo‘mitada ushbu masala bo‘yicha munozaralar boshlashini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Ron Estes Byudjet ishlari bo‘yicha qo‘mita a’zolari, shuningdek, AQSH savdo vakili idorasi va mamlakatning boshqa tegishli tuzilmalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

AQSH Kongressidagi "Ayollar kokusi"ning hamraisi, Puerto-Rikodan saylangan respublikachi kongressmen Jennifer Gonsales Kolon ta’kidlashicha, Jekson-Venik tuzatishining O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanishining olib tashlanishi juda kechikmoqda, chunki mamlakatda azaldan boshqa millat vakillariga do‘stona munosabatda bo‘lib kelingan, yahudiylarning harakatlanish erkinligi cheklanmagan. U kongressmen Trent Kelli bilan birgalikda mazkur tuzatishning O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanishini tezlik bilan butunlay bekor qilish masalasini ilgari surishini qayd etdi.

AQSH Senatining Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi va Vakillar palatasining Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi mas’ul xodimlari ushbu masala bo‘yicha qaror siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va inson huquqlariga oid sohalardagi vaziyat, mehnatkashlar huquqlari, intellektual mulkni himoya qilish, savdo to‘siqlarini olib tashlash va bojxona tariflarini yengillashtirish jabhasidagi ijobiy o‘zgarishlar, AQSH bilan hamkorlik holati puxta va har tomonlama o‘rganilgandan so‘ng qabul qilinishini ta’kidladi.

Kongress vakillari elchixonaning ushbu tuzatishni O‘zbekistonga nisbatan bekor qilish tashabbusini ilgari surishda yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. Ularning fikriga ko‘ra, sobiq tuzum davrida erkin harakatlanish huquqi chegaralangan yahudiy millatiga mansub aksariyat aholi uzoq vaqtdan beri tarixiy vatani - Isroilga, shuningdek, AQSH va Kanadaga ko‘chib ketgan. Kongress xodimlari, shuningdek, parlamentning boshqa vakillarini Vakillar palatasining ushbu tuzatishni bekor qilish to‘g‘risidagi tashabbusini ilgari surish jarayoniga jalb qilishini bildirdi.

Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Savdo vakili idorasi O‘zbekistonning mamlakatni Jekson-Venik tuzatishi ta’siridan olib chiqish borasidagi sa’y-harakatlarini olqishlaydi. Ushbu tuzatish amaliyoti O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik ruhi, o‘zaro munosabatlarning bugungi izchilligi, shuningdek, O‘zbekiston rahbariyatining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha sa’y-harakatlariga mos kelmaydi, deb hisoblaydi.

Elchixonaning xabar berishicha, joriy yil aprel oyida  Kongressda AQSH Savdo vakili idorasi vakillari ishtirokida maxsus brifing o‘tkazish rejalashtirilgan. Anjuman O‘zbekistonda inson huquqlari himoyasini ta’minlash va bozor iqtisodiyotini shakllantirish sohalarida qo‘lga kiritilgan yutuqlarga bag‘ishlanadi. Bu ham Jekson-Venik tuzatishining O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanishini bekor qilishdagi qadam bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Jekson-Venik tuzatishi 1974 yilda Kongress a’zolari Genri Jekson va Charlz Venik tomonidan 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan huquqiy qoidadir. Tuzatish erkin emigratsiyani cheklash va davlat antisemitizmi siyosatini olib borgan mamlakatlarga qarshi savdo va moliyaviy cheklovlarni joriy etish maqsadida qabul qilingan. Sobiq ittifoq tugatilgandan so‘ng ushbu tuzatish MDH davlatlari, shu jumladan, O‘zbekistonga ham avtomatik tarzda tatbiq etilgan. Unga ko‘ra, bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan mamlakatlardan AQSHga olib kiriladigan tovarlarga nisbatan alohida tariflar va bojlar qo‘llash, shuningdek, davlat kreditlari va kredit kafolatlari berishni taqiqlash nazarda tutilgan.

Bugun O‘zbekiston ushbu tuzatish ta’siridan vaqtincha ("waiver") chiqarilgan. Bu masala har yili AQSH Kongressidagi tinglovlarda qayta ko‘rib chiqilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-AQSh

Baholaganlar

148

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing