“AQSH genotsidga hamkor”. Veteranlar senatorlarni G‘azodagi genotsidga sheriklikda aybladi (video)
Olam
−
06 Sentabr 2025 4326 4 daqiqa
Joriy yilning 3 sentyabr kuni AQSH armiyasining iste’fodagi 2 nafar zobiti G‘azodagi yordam tarqatish nuqtalarida Isroilning vahshiyliklarini fosh qilib, senatorlarni genotsidga hamkorlikda ayblab chiqdi. Buning ortidan ular Senat majlisidan majburan chiqarib yuborilgan. Bu haqda “Democracy now” xabar berdi.
“Yashil beret” (AQSH armiyasining maxsus kuchlari, “Green beret”) sobiq zobiti polkovnik-leytenant Entoni Aguilar va AQSH razvedkasining sobiq kapitani Jozefin Gilbo Vashingtondagi Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi yig‘ilishida o‘rinlaridan turib, G‘azodagi urushga qarshi chiqish o‘zlarining konstitutsion burchi ekanini e’lon qilgan.
Aguilar AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, Isroil harbiylari nazorati ostidagi yordam tarqatish punktlarini yurituvchi shubhali pudratchi “G‘azo gumanitar fondi”ga (GHF) oshkora qarshi chiqib, falastinliklarning huquqlarini himoya qiluvchi faolga aylangan. U o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lgan zo‘ravonliklar, jumladan, Amir ismli ochlikdan aziyat chekayotgan bola o‘ldirilganini ommaviy axborot vositalarida hikoya qilib keladi.
“G‘azoda xizmatimdan keyin men falastinliklarning huquqlarini himoya qiluvchi faollikka o‘tdim. Men dunyo nimalar bo‘layotganini bilishi uchun gapiraman”, deya eslaydi Aguilar Amirning voqeasini.
Aguilar 2024 yilning mayigacha GHF'ning subpudratchisi UG Solutions’da ishlagan va yordam tarqatish joylarini: “Oldindan o‘ylangan o‘lim tuzoqlari”, deb ta’riflagan. Uning aytishicha, Isroil kuchlari pudratchilarga och qolgan tinch aholiga oziq-ovqat tarqatish orqali ularni to‘plab, keyin esa odamlar tarqala boshlaganda o‘q uzish, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va minomyotlardan foydalanishni buyurgan.
Joriy yilning 28 may kuni u Amir ismli yalangoyoq holdagi, ozib-to‘zigan va qo‘lida kichkina guruch, yasmiq va un solingan xaltachani ko‘tarib ketayotgan bolaning ingliz tilida unga minnatdorlik bildirganini ko‘rganini aytadi. Aguilarning so‘zlariga ko‘ra, Amir oilasi yoniga qaytayotganda Isroil kuchlari olomonga qarata o‘q uzgan.
“Amir qo‘llarini yuzimga qo‘ydi, meni o‘pdi va “rahmat” dedi. Keyin u boshqalar bilan birga o‘qqa tutilgan. O‘sha kuni Amir o‘ldirilgan”, dedi Aguilar.
U jurnalist Taker Karlson bilan suhbatda Isroilning qilmishlarini aytib bergan.
“U kichkina bolakay, jangchi emas edi. U yalangoyoq, och edi. Keyin uni o‘ldirishdi”, deydi u.
Aguilarning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning aloqa ofitserlari bevosita operatsiyalarni boshqargan, hatto bolalar odamlar orasida qolib ketmaslik uchun to‘siqlardan oshib o‘tishga uringanda snayperlarga ularni otishni buyurgan.
“Menga juda ochiq-oydin aytishgan: bizning mijozimiz Isroil armiyasi”, deya eslaydi u.
Senatdagi chiqish
Aguilarning Senatdagi noroziligi uning intervyu va podkastlarda bir necha oy davomida G‘azodagi yordam tizimini “ochlik o‘yinlari”ga o‘xshatib kelganidan keyin yuz bergan.
Uning aytishicha, falastinliklar yordam punktlariga yalangoyoq holda 12 kilometrgacha yugurishga majbur bo‘lishgan, biroq u yerda “o‘qqa tutilgan” va kimyoviy qurollar bilan tarqatib yuborilgan.
“Ular inglizcha gapirmaydi. Qayerga borishni bilmaydi. Tarjimonlar yoki ovoz kuchaytirgichlar o‘rniga biz qurollardan foydalandik”, deydi u.
Joriy yilning 3 sentyabr kuni Aguilar Senat eshituvida turib AQSH rasmiylarini genotsidga hamkorlikda ayblagan. Shundan so‘ng, u majlisdan olib chiqib ketilgan. Ushbu jarayonda Aguilarning aytgan gaplari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
“Agar AQSH Kongressi faxriylarni ta’qib qilsa, ular sizni ham ta’qib qiladi. Hozir uyda o‘tirgan har bir amerikalik shuni anglab yetishi kerakki, siz genotsid uchun pul to‘layapsiz”, deydi u.
Shuningdek, AQSH razvedkasining sobiq kapitani Jozefin Gilbo ham G‘azo bo‘yicha gaplaridan so‘ng Aguilar bilan birga Senat majlisidan chiqarib yuborilgan.
“Bizni hozirda nomzodlar bo‘yicha tashqi ishlar bo‘yicha tinglovni buzganimiz uchun hibsga olishmoqda, chunki AQSH genotsidga hamkorlik qilmoqda! Ular chaqaloqlarni qirg‘in qilishga sherik! Qo‘zg‘aling! Qo‘zg‘aling, Amerika! Qo‘zg‘aling! Bu mamlakatni bu korrupsiyalashgan siyosatchilardan qaytarib olish vaqti keldi”, deydi Gilbo.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) vakili, brigada generali Efi Defrin Isroil G‘azo shahri hududining 40 foizi ustidan nazorat o‘rnatganini aytgan edi. SAXAL vakilining so‘zlariga ko‘ra, hozirda Zaytun va Shayx Radvan hududlarida bo‘linmalar ishlamoqda. Defrinning ta’kidlashicha, harbiy missiya faqat isroillik barcha garovga olinganlar ozod qilinganidan va HAMAS hukmronligi yo‘q qilingandan keyingina tugaydi.
Live
Barchasi