AQSH Federal qidiruv byurosi xakerlik hujumiga uchradi
Olam
−
14 noyabr 2021
5022Kecha, 13 noyabr kuni xakerlar AQSH Federal qidiruv byurosining (FQB) tashqi elektron pochta tizimiga buzib kirishdi. Bu haqda razvedka agentligi bayonotiga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.
“Hozir vaziyat shunday holatda va biz qo‘shimcha ma’lumot bera olmaymiz”, deyiladi xabarda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, spam va unga aloqador kibertahdidlarni kuzatuvchi “Spamhaus” loyihasi xakerlar byuroning elektron pochtasi orqali o‘n minglab kiberhujumlar haqida ogohlantiruvchi xatlarni jo‘natganini xabar qilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gap maxfiy bo‘lmagan ma’lumotlarni almashish va uzatish uchun foydalanilgan tashqi akkaunt haqida bormoqda. Hammasi bo‘lib, ushbu akkauntdan kamida 100 ming xabar yuborilgan.
Nashrga ko‘ra, hujum yarim tunda boshlangan, go‘yoki AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi nomidan jo‘natilgan maktublarda aytilishicha, “TheDarkOverlord” tovlamachi xakerlik guruhining a’zolaridan biri sifatida tavsiflangan kiberekspert Vinni Troyya elektron tizimlarga buzib kirgan.
Feyk xabar yuboruvchilar qabul qiluvchilarga barcha ichki tizimlarni tekshirishni qat’iy tavsiya qilgan va elektron pochta xabarlariga hech qanday zararli dastur biriktirilmagan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hujumchilar Troya nomini yomon otliqqa chiqarishga yoki FQBning telefon liniyalarini qo‘ng‘iroqlar bilan to‘ldirishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi