AQSH Eronga zarba ortidan teraktlarga qarshi tayyorgarlik boshladi
Olam
−
23 iyun 5587 2 daqiqa
AQSH hukumati Eron hududlariga yo‘naltirilgan zarbalardan so‘ng mamlakat ichkarisida terrorchilik hujumlari xavfi kuchaygani haqida ogohlantirdi. Bu haqda mamlakatning terroristik tahdidlar bo‘yicha milliy ogohlantirish tizimi shu mazmundagi byulletenni e’lon qildi.
Rasmiyning bildirishicha, Eron atrofida davom etayotgan mojaro AQSH uchun oshirilgan xavf solmoqda. Ushbu ogohlantirish AQSHning kecha, 22 iyun kuni Erondagi bir qator ob’ektlarga bergan hujumidan so‘ng e’lon qilindi. Hozirda ogohlantirish 22 sentyabrgacha amal qiladi.
Xususan, fuqarolarga yaqin kunlarda Eronni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar tomonidan AQSHdagi tarmoqlarga nisbatan kiberhujumlar ehtimoli borligi aytildi.
“Bundan tashqari, Eron 2020 yil yanvar oyida o‘ldirilgan harbiy qo‘mondonining o‘limi uchun mas’ul deb hisoblaydigan AQSH hukumat mansabdor shaxslariga hujum qilish niyatida ekani anchadan beri ma’lum. Agar Eron rahbariyati AQSH hududidagi nishonlarga nisbatan zo‘ravonlikka undovchi diniy fatvo chiqarsa, mamlakat ichkarisidagi radikal ekstremistlarning zo‘ravonlikka o‘z-o‘zidan safarbar bo‘lish ehtimoli ortishi mumkin”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda so‘nggi vaqtlarda sodir etilgan ko‘plab terrorchilik harakatlariga antisemitik va Isroilga qarshi kayfiyat sabab bo‘lgan.
“Davom etayotgan mojaro oqibatida AQSH hududida yashovchi ayrim shaxslar yangi hujumlar tayyorlashni boshlashi mumkin”, deyiladi rasmiy ogohlantirishda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika samolyotlari Erondagi uchta yadroviy ob’ekt – Fordo, Natanz va Isfaxonga zarba berganini ma’lum qilgandi. U mazkur hujumni Amerika Qo‘shma Shtatlari, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy lahza ekanini ta’kidlagan. Prezident Tramp keyinchalik Amerika xalqiga televizion murojaat ham yo‘llagan va “Zarbalar ajoyib harbiy muvaffaqiyat bo‘lgani”ni aytgan.
Live
Barchasi