AQSH Eronga zarba berdi
Olam
−
22 iyun 62077 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Amerika samolyotlari Erondagi uchta yadroviy ob’ekt – Fordo, Natanz va Isfaxonga zarba berganini ma’lum qildi. Oq uy rahbari tegishli postni kecha, 21 iyun kuni Truth Social tarmog‘ida joylashtirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH harbiy-havo kuchlari samolyoti Eron havo hududini tark etgan.
“Biz Erondagi uchta yadroviy maydonga – Fordo, Natanz va Isfaxonga juda muvaffaqiyatli hujumni yakunladik. Hozirda barcha samolyotlar Eron havo hududidan tashqarida. To‘liq bomba yuki asosiy joy Fordoga tashlandi. Barcha samolyotlar uylariga eson-omon qaytmoqda. Buyuk amerikalik jangchilarimizni tabriklaymiz. Dunyoda buni qila oladigan boshqa armiya yo‘q. TINCHLIK VAQTI BO‘LDI!”, deb yozgan Amerika rahbari.
U mazkur hujumni Amerika Qo‘shma Shtatlari, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy lahza ekanini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, “Eron endi bu urushni tugatishga rozi bo‘lishi kerak”.
“Eronning Amerika Qo‘shma Shtatlariga qarshi har qanday qasosi bugun kechqurun bo‘lgandan-da ko‘proq kuch bilan qarshi olinadi”, dedi Tramp.
Prezident Tramp keyinchalik Amerika halqiga televizion murojaat ham yo‘lladi va “Zarbalar ajoyib harbiy muvaffaqiyat bo‘lgani”ni aytdi.
“Eronning asosiy yadroviy boyitish inshootlari butunlay yo‘q qilindi”, dedi Tramp.
Uch daqiqadan sal ko‘proq davom etgan nutqida Tramp Eronning kelajagi “yoki tinchlik yoki fojia” bo‘lishini va AQSH harbiylari tomonidan zarba berilishi mumkin bo‘lgan boshqa ko‘plab nishonlar borligini aytdi.
“Agar tinchlik tezda kelmasa, biz aniqlik, tezlik va mahorat bilan boshqa nishonlarga boramiz”, dedi u.
CBS News’ning xabar berishicha, kecha, 21 iyun kuni AQSH diplomatik yo‘l bilan Eronga murojaat qilib, zarbalar AQSHning barcha rejalari ekanini va u rejimni o‘zgartirishni maqsad qilmaganligini aytgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy avvalroq “Amerikaning har qanday aralashuvi mintaqada umumiy urush uchun retsept bo‘lishiga” ishonch bildirgan edi.
Eronning Qum provinsiyasi inqirozga qarshi departamenti vakilining so‘zlariga ko‘ra, “Fordo yadroviy inshooti hududining bir qismi havo hujumiga uchragan”.
Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abedini jonli efirda Eron uchta yadroviy ob’ektni “birmuncha vaqt oldin” evakuatsiya qilganini aytdi. Abedinining so‘zlariga ko‘ra, Eron “jiddiy zarar ko‘rmagan, chunki materiallar allaqachon olib tashlangan”.
“Reuters” agentligining yozishicha, AQSHning B-2 bombardimonchi samolyotlari Eron yadro ob’ektlariga zarba berishda foydalanilgan.
Avvalroq “The New York Times”, “The Wall Street Journal”, “The Washington Post” va “Reuters” AQSH harbiy-havo kuchlarining B-2 yashirin bombardimonchi samolyotlari Missuri shtatidagi Uaytmen harbiy-havo kuchlari bazasidan havoga ko‘tarilgani va, ehtimol, Tinch okeanining g‘arbiy qismidagi Guam orolidagi Anderson harbiy-havo kuchlari bazasiga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.
“The Washington Post” gazetasining ta’kidlashicha, so‘z yuritilayotgan samolyot Stealth Bomber bo‘lib, u 13,6 tonna og‘irlikdagi GBU-57 boshqariladigan bunker bombasini olib yurishi mumkin bo‘lgan samolyotlar bo‘lib, 61 metrgacha chuqur ko‘milgan va qotib qolgan bunkerlarga, jumladan, Fordodagi uranni boyitish zavodiga ham hujum qila oladi.
“Fox News” ma’lumotlariga ko‘ra, Fordoga hujumda oltita bunker bombalari ishlatilgan, boshqa ob’ektlarda esa 30 ta Tomahawk qanotli raketalari uchirilgan.
Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlab, yadroviy inshootlar, harbiy bazalar va Eron armiyasi xodimlariga zarba berdi. Isroil rasmiylari o‘z hujumlarini Tehronning yadroviy qurol yaratishga xavfli yondashuvi bilan izohladi. Eron atom bombasi yaratish ayblovlarini rad etdi va Isroilga yuzlab uchuvchisiz uchoqlar va ballistik raketalarni uchirish bilan javob berdi.
O‘shandan beri zarbalar almashinuvi davom etmoqda, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu SAXAL hujumlari Eron yadroviy dasturini yillar orqaga surganini da’vo qilgan.
Live
Barchasi