AQSH Eron oldiga 24 soatlik talab qo‘ydi
Olam
−
11 iyul 5640 2 daqiqa
AQSH Erondan Hormuz bo‘g‘ozida kemalarga hujumlarni to‘xtatishi hamda bo‘g‘ozdagi barcha dengiz yo‘laklari xalqaro kemalar harakati uchun ochiq ekanini rasman e’lon qilishni talab qildi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
AQSH rasmiylari uch hafta avval tomonlar o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga qaramay, Eron bo‘g‘oz va uning atrofidagi tijorat kemalariga bir necha bor o‘q uzganini da’vo qilmoqda. Ularning aytishicha, bu harakatlar ikki tomon o‘rtasidagi mo‘rt sulhni izdan chiqargan hamda yadroviy muzokaralarga nisbatan ishonchni susaytirgan.
Ma’lum qilinishicha, ertaga, 12 iyul kuni Ummon poytaxti Maskatda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va Ummon Tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr al-Busaidiy uchrashib, Hormuz bo‘g‘ozi va dengiz xavfsizligi masalalarini muhokama qiladi. Vashington aynan ushbu uchrashuvdan so‘ng, Tehronning rasmiy bayonot berishini kutmoqda.
AQSH rasmiylaridan biri Eron kemalarga hujumlarni to‘xtatishi, Hormuz bo‘g‘ozidagi barcha yo‘laklar ochiqligini e’lon qilishi hamda xatoga yo‘l qo‘yganini ochiq yoki bilvosita tan olishi kerakligini bildirgan.
Yana bir AQSH rasmiysi esa, agar Tehron bunday qadamni tashlamasa, buning og‘ir oqibatlari bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi AQSHning Eronga bergan yangi zarbalaridan so‘ng, Bahrayn va Quvaytdagi AQSH harbiy ob’ektlariga raketa va dronlar bilan hujum qilgan edi.
Live
Barchasi