AQSH Eron xalqiga murojaat qildi
Olam
−
11 yanvar 19506 2 daqiqa
AQSH senatori Lindsi Grem Eron xalqiga murojaat qilib, ularga Amerika tomonidan yordam borayotganini aytdi. Bu haqda senator o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi.
Gremning aytishicha, yaqin orada namoyishlarga chiqqan Eron xalqiga AQSH tomonidan ko‘mak boradi va Oyatulloh rejimiga barham beriladi.
“Uzoq davom etgan dahshatli tushingiz tez orada tugaydi, yordam allaqachon yo‘lda. Sizning zulmga chek qo‘yishdagi jasoratingiz va qat’iyatingiz AQSH Prezidenti va erkinlikni sevuvchi barcha insonlar tomonidan e’tirof etildi.
Prezident Tramp “Eronni yana buyuk qilamiz” deganda, Erondagi namoyishchilar Oyatulloh ustidan g‘alaba qozonishi kerakligini anglatadi. Tramp Oyatulloh va uning sheriklari hokimiyat tepasida ekan, Eron hech qachon buyuk bo‘la olmasligini tushunadi”, deya yozgan senator.
Ma’lumot uchun, mamlakatda ommaviy namoyishlar 28 dekabrdan buyon davom etmoqda. Ular Tehrondagi markaziy bozorda boshlangan bo‘lib, ko‘plab do‘kon egalari giperinflyasiya va narxlarning keskin oshishiga norozilik sifatida savdo shoxobchalarini yopgan.
29 dekabr kuni Eron milliy valyutasi – rial tarixiy minimum darajaga tushdi: bir rial taxminan 0,00002 yevroga teng bo‘ldi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida Eronda oziq-ovqat inflyasiyasi 64,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakatni antireytingda faqat Janubiy Sudan ortda qoldirgan.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi tartibsizliklarni AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan, deya baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li – Rizo Pahlaviy AQSH Prezidenti Donald Trampdan mamlakatidagi ommaviy norozilik namoyishlariga aralashib, Oyatulloh rejimini ag‘darishda yordam berishni so‘ragandi.