AQSH 22 yashar qiz o‘limi ortidan Eronga qarshi sanksiyalar kiritdi
Olam
−
23 Sentabr 2022
7788Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘tgan hafta hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bu haqda kecha, 22 sentyabr kuni AQSH Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bayonotda ta’kidlanishicha, axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar “eronlik ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq, shuningdek, Eronda tinch namoyishchilarning huquqlarini poymol qilgani uchun” joriy etilgan.
“Axloq politsiyasi hijobni noto‘g‘ri kiyganlikda ayblanib hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Amini yaqinda o‘limi uchun javobgardir”, deyiladi Moliya vazirlik bayonotida.
Eron quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Kiyumars Heydariy, Eron Islom Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi kuchlarining Cheharmexal va Baxtiyoriya viloyatlaridagi qo‘mondoni Manuchehr Amanollahiy, Eron huquq-tartibot kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari Qosim Rizoiy, “Basij” islomiy xalq militsiyasi qo‘mondoni Salar Abnoush ham qora ro‘yxatga kiritildi. Bundan tashqari, ro‘yxatga Eron razvedka vaziri Seyid Esmoil Xatib ham kiritilgan bo‘lib, unga nisbatan Moliya vazirligi 9 sentyabrda Vashington nuqtai nazaridan AQSH va ittifoqchi davlatlarga qarshi kiber-faoliyatlarda ishtirok etgani uchun boshqa sanksiyalar ham joriy etgan edi.
“Bu odamlarning barchasi namoyishlarni bostirish va namoyishchilarni o‘ldirishda ishtirok etgan. Eron hukumati ayollarga nisbatan muntazam ta’qiblarni to‘xtatishi va tinch namoyishlarga ruxsat berishi kerak”, deydi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken alohida bayonotida.
Aminining o‘limi
Eronda norozilik namoyishlari joriy yilning 17 sentyabr kuni 22 yoshli Mahsa Aminining dafn marosimidan keyin boshlandi. Rasmiy versiyaga ko‘ra, 16 sentyabr kuni bu qiz ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan. So‘roq paytida u yurak xurujiga uchragan va u vafot etgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqida ma’lumot tarqaldi.
Yakshanba kuni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy marhum Mahsa Aminining oilasiga qo‘ng‘iroq qilib, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun voqeani chuqur o‘rganishni buyurganini aytdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining chorshanba kuni Nyu-Yorkdagi 77-sessiyasi arafasida Raisiy tergov natijalarini kutishga chaqirdi.
LiveBarchasi