AQSH elchisi “og‘ir suhbat” uchun Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi
Olam
−
15 aprel 2021
10971Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng, AQSHning Moskvadagi elchisi Jon Sallivan mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
“Amerika tomoni uchun og‘ir o‘tadigan ushbu suhbat natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni siz bilan baham ko‘ramiz”, deydi u.
Foto: Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova
Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bir necha bor sanksiyalar kursi “dunyoning taqdiri uchun tarixiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan ikki yetakchi yadro kuchlari xalqlarining manfaatlariga javob bermasligini” ta’kidlagan.
“AQSH Prezidenti Jo Bayden yaqinda Vladimir Putin bilan bo‘lgan suhbatda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga qiziqish bildirgandi. Ammo uning ma’muriyati buning aksini qilyapti”, deydi Rossiya TIV rasmiy vakili.
Zaxarovaga ko‘ra, AQSHning sanksiyalari javobsiz qolmaydi.
“Bunday tajovuzkor xatti-harakatlar, shubhasiz, qat’iy javob oladi, sanksiyalarga qarshi zarba muqarrar. Ikki tomonlama munosabatlar tanazzulga uchrasa, buning uchun tovon to‘lashga to‘g‘ri kelishini Vashingtonda anglashlari kerak. Bo‘layotgan voqealar uchun javobgarlik butunlay AQSH bo‘ynida”, deydi u.
AQSHning Rossiyaga qo‘ygan yangi sanksiyalari
Bugun, 15 aprel kuni AQSH Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qildi. Shunday qilib, 2021 yilning 14 iyunidan boshlab Amerika moliya institutlariga Rossiya Markaziy banki va Moliya vazirligi, shuningdek, Milliy farovonlik fondidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarzdorlik qimmatli qog‘ozlarni sotib olish taqiqlandi.
Vashington, shuningdek, “Rossiya razvedka xizmatlarining kiber dasturini qo‘llab-quvvatlovchi” mamlakatning oltita texnologik kompaniyasiga cheklovlar kiritdi.
Bundan tashqari, AQSH prezidentlik saylovlariga Rossiyaning aralashuvi bilan aloqador, deb taxmin qilingan 16 ta tashkilot va 16 nafar shaxsga qarshi sanksiyalar joriy qilingan.
Ularning orasida, allaqachon, AQSHning “qora ro‘yxat”iga tushib ulgurgan, Rossiya Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Gromov va “Putinning oshpazi” laqabi bilan mashhur bo‘lgan tadbirkor Yevgeniy Prigojinning kompaniyasi bor.
Shuningdek, Kerchen ko‘prigi (Rossiya bilan Qrim yarimorolini bog‘lab turuvchi ko‘prik – tahr.) qurilishining ishtirokchilari bo‘lgan uchta tashkilot va besh nafar rossiyalikka nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan.
LiveBarchasi