AQSH dunyoni 150 marta portlata oladi – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning aytishicha, uning mamlakati dunyoda eng katta yadro arsenaliga ega – bu zaxira butun dunyoni 150 marta portlatishga yetadi. Bu haqda u joriy yilning 31 oktyabr kuni CBS News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Xitoy rasmiy ravishda e’lon qilmasdan yadro sinovlarini o‘tkazmoqda. U, shuningdek, bunday sinovlar Shimoliy Koreya va Pokistonda ham amalga oshirilayotganini aytgan.

“Men sinov o‘tkazmaydigan yagona davlat bo‘lishni istamayman. Bizda dunyoni 150 marta portlatishga yetadigan qurol bor”, deydi Tramp.

AQSH Prezidenti, shuningdek, bu mavzuda Rossiya rahbari Vladimir Putin va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan suhbatlashganini bildirgan. Uning aytishicha, yadroviy zaxiralarni kamaytirish yo‘llarini izlash zarur, biroq u hozircha aniq choralarni sanab o‘tmagan.

Kreml esa AQSH yadro sinovlari bo‘yicha amaldagi moratoriyni buzgan taqdirda, Rossiya munosib javob berishi haqida ogohlantirgan. Shu bilan birga, ham Moskva, ham Vashington xavfsizlik masalalarida muloqotga tayyor ekanini bildirgan.

Ma’lumot uchun, AQSH 1992 yildan beri to‘liq yadroviy qurol sinovlarini amalga oshirmagan. Vashington 1996 yildagi Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan, ammo ratifikatsiya qilmagan. Shundan beri AQSH Nevada poligonida subkritik yer osti sinovlarini o‘tkazib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp “boshqa yadroviy davlatlarning harakatlari”ni sabab qilib ko‘rsatib, Pentagonga yadroviy sinovlarni darhol boshlashga topshiriq bergandi. Bu qaror Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yadroviy dvigatelli “Burevestnik” qanotli raketasining sinovi haqida bergan bayonotlari ortidan e’lon qilingan.
 
Shundan so‘ng, Rossiya va Xitoy Trampning mazkur buyrug‘iga munosabat bildirdi. Xususan, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSHning yadro sinovlariga oid moratoriyni saqlab qolishiga umid qilishini ma’lum qildi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Rossiya va AQSH o‘rtasida qurollanish poygasining yangi bosqichi boshlangan deb hisoblamasligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp yadro arsenali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing