AQSH diplomatlariga Saudiyani tark etishni buyurdi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti Saudiya Arabistonidagi amerikalik diplomatik missiya xodimlarining bir qismiga mamlakatni tark etishni buyurdi. Bu haqda diplomatik missiyaning 9 mart kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

Bu qaror Eron bilan urush tufayli xavfsizlik tahdidlari kuchaygani bilan izohlanmoqda.

Kecha, 8 mart kuni chiqarilgan farmoyishga ko‘ra, favqulodda vazifalar bilan band bo‘lmagan xodimlar hamda Ar-Riyoddagi AQSH elchixonasi xodimlarining oila a’zolari majburiy tarzda mamlakatni tark etishi kerak.

Avvalroq, 3 mart kuni mazkur toifadagi shaxslarga mamlakatni ixtiyoriy ravishda tark etishga ruxsat berilgan edi.

Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti AQSH fuqarolarini Saudiya Arabistoniga safar rejalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan. Bayonotda Eron dronlari va raketalarining AQSH manfaatlariga qarshi ehtimoliy zarbalari, qurolli to‘qnashuvlar, terrorizm xavfi, mamlakatdan chiqishga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan cheklovlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatni tartibga soluvchi mahalliy qonunlar haqida ogohlantirilgan.

28 fevraldan beri AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy operatsiyasi davom etayotgani sababli Saudiya Arabistoni bir necha marta Eronning javob zarbalari nishonlaridan biriga aylangan.

3 mart kuni ikki dron Ar-Riyod shahridagi AQSH elchixonasi binosiga zarba bergan. Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi vakili bu hujum natijasida “cheklangan yong‘in” yuz berganini va moddiy zarar katta emasligini aytgan.

AQSH fuqarolariga zudlik bilan xavfsiz joylarga yashirinish va keyingi xabargacha diplomatik missiya hududiga bormaslik tavsiya etilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Eron nafaqat Saudiya Arabistonida, balki Bahrayn, Kuvayt va Bag‘doddagi AQSH diplomatik vakolatxonalariga ham hujumlar uyushtirgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Saudiya Arabistoni Ar-Riyod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing