AQSH Rossiyani ochiqchasiga gaplashib olishga chaqirdi
Olam
−
28 aprel 2021
12102AQSH Vashington va Moskva o‘rtasidagi ochiq muloqotni ikki taraf uchun ham foydali, deb hisoblaydi. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Blinken AQSH-Rossiya sammiti mavzusida CNN telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya hukumati “tajovuzkor va mantiqsiz” harakatlarni davom ettirsa, Amerika javob choralarini ko‘rishga tayyor. Shu bilan birga, Davlat kotibi Vashington Moskva bilan “doimiy va kelajagi ma’lum bo‘lgan” aloqalarni afzal ko‘rishini aytgan.
“Yuzma-yuz muloqot qilish juda yaxshi imkoniyat. Biz Rossiyaning ayni vaqtdagi harakatlari to‘g‘risida, shuningdek, ular aniq va doimiy yo‘lni tanlaydigan bo‘lsa, bunga qanday munosabatda ekanimizni aytishimiz mumkin bo‘ladi”, deydi Davlat kotibi.
Entoni Blinken intervyu davomida “Rossiyaning sammitda ishtirok etishini AQSH tasdiqlaydimi? ”, degan savolga aniq javob bermagan.
“Rasmiy taklif bo‘lganmi, yo‘qmi bilmayman. Lekin biz bu masalani muhokama qilamiz va uchrashuv qachon o‘tkazilishini aniqlashtiramiz”, degan Blinken.
Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni harbiy harakatlar ketayotgan Donbassda uchrashishga taklif qilgandi.
Putin bunga javoban har qanday qulay vaqtda ikki tomonlama munosabatlarni Moskvada muhokama qilishga tayyorligini e’lon qilgandi.
Keyinchalik, Ukrainaning sobiq Prezidenti, Donbassdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha aloqa guruhidagi Ukraina delegatsiyasining amaldagi rahbari Leonid Kravchuk Zelenskiy Moskvaga bormasligini aytgandi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi oylarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabat sovuqlashib bormoqda. Bunga bir tomondan Ukrainaning NATO harbiy blokiga qo‘shilish yo‘lidagi harakatlari, ikkinchi tomondan esa Rossiyaning bevosita Ukraina bilan chegarasiga 100 mingdan oshiq qo‘shin to‘plagani sabab bo‘lmoqda.
Bokirxon Qosimxonov
LiveBarchasi