AQSH Belarus munosabatlari ziddiyat yoqasida. Kun tartibida jurnalistlar 

Olam

image

AQSHning Belarusdagi elchixonasi ommaviy axborot vositalariga bo‘layotgan tazyiqlar tufayli Minsk bilan munosabatlarni normallashtirish imkonsizligini e’lon qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

“Qo‘shma Shtatlar Belarus mustaqil ommaviy axborot vositalarining xavfli vaziyati, so‘nggi bir necha oy ichida jurnalistlarning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishi va Belarus hukumati tomonidan ularga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilayotganidan juda xavotirda”, deyiladi diplomatik vakolatxonaning veb-saytida joylashtirilgan bayonotda.

Shuningdek, elchixona, Belarusda mahalliy ommaviy axborot vositalarining rasmiy maqomini bekor qilishga bo‘lgan tahdidlar va chet el ommaviy axborot vositalarida ishlaydigan jurnalistlarning qayta akkreditatsiyadan o‘tkazilishi uzoq muddatga kechikayotganidan xavotir bildirgan.

“AQSH Belarus hukumatining mahalliy va xorijiy jurnalistlarga qarshi xatti-harakatlarini qoralaydi. OAV vakillariga jurnalistlik vazifasini bajargani uchun tahdid, jismoniy tajovuzlar qilinishi maqsadga muvofiq emas”, deyiladi bayonotda.

Amerikalik diplomatlar Belarus rasmiylarini butun mamlakat bo‘ylab asosiy erkinliklarni, ayniqsa, yig‘ilishlar, so‘z va matbuot erkinliklarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashga da’vat etmoqda.

“Belarus xalqi o‘z huquqlarini himoya qilishga va ularning ovozini eshitishga loyiqdir. Mustaqil OAV – barcha belaruslar ovozi uchun almashtirib bo‘lmaydigan maydon. O‘z xalqini shafqatsizlarcha bostiradigan rejim bilan munosabatlarni iliqlashtirish imkonsiz”, deyiladi bayonotda.

Belarus Jurnalistlar assotsiatsiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda saylovlar va saylovdan keyingi davrda 390 nafar jurnalist ta’qib qurboniga aylangan. Ulardan 77 nafari ma’muriy hibsga olingan. Hozirda 12 jurnalist ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha hibsda saqlanmoqda.

Avvalroq Belarus tashqi ishlar vazirligi joriy yilning 2 oktyabridan mamlakatda xorijiy ommaviy axborot vositalari jurnalistlarini akkreditatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi yangi nizom kuchga kirganini ma’lum qilgandi. Belarus TIVda ta’kidlanganidek, yangi reglamentda jurnalistlar uchun akkreditatsiya olish tartibini soddalashtirish va osonlashtirishga qaratilgan bir qator normalar kiritilgan. Ayni paytda, qator xorijiy jurnalistlar mamlakatda doimiy va vaqtincha ishlash uchun akkreditatsiyadan o‘tmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus muxolifatining yetakchisi Svetlana Tixanovskaya kelajakda mamlakat Prezidenti Aleksandr Lukashenko va uning tarafdorlari rejimini jazolash uchun xalq tribunali tuzilganini e’lon qildi.

Keyinchalik 16 noyabr kuni Minskda belaruslik nafaqaxo‘rlar ruxsatsiz yana bir norozilik namoyishini o‘tkazdi. “Nafaqaxo‘rlar yurishi” deb nomlangan norozilik namoyishi an’anaviy ravishda har dushanba kuni Minskning markaziy Mustaqillik xiyoboni bo‘ylab o‘tkazib kelinmoqda

Shuningdek, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko Minskda namoyishchilar to‘planayotgan maydonlar mamlakatda fuqarolar urushi boshlanadigan joy bo‘lishini aytib o‘tdi.

Joriy yilning 22 noyabr kuni ham Belarus poytaxti Minsk shahrida Prezident Aleksandr Lukashenkoga qarshi kun bo‘yi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Norozi aholi “Fashistlarga qarshi marsh” umumiy nomi ostida birlashdilar.

Umidjon Nozimjonov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

44

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing