AQSH bazalariga bir necha soat ichida 4 marta hujum uyushtirildi
Olam
−
24 noyabr 2023
6658Kecha, 23 noyabr kuni AQSH kuchlariga Iroq va Suriyada raketalar va qurolli uchuvchisiz samolyotlar bilan to‘rt marta hujum uyushtirildi, biroq qurbonlar va infratuzilmaga zarar yetmadi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Anonimlik sharti bilan gapirgan amerikalik rasmiyning aytishicha, AQSH va xalqaro kuchlarning Suriya shimoli-sharqidagi ikkita bazasiga bir nechta raketalar va uchuvchisiz samolyotlar orqali hujum qilingan.
Iroqda, Bag‘dodning g‘arbidagi Ayn al-Asad aviabazasiga va mamlakat shimolidagi Erbil aeroporti yaqinidagi AQSH kuchlari joylashgan bazaga ham bir nechta uchuvchisiz samolyotlar bilan zarba berilgan.
Buning uchun javobgarlikni Iroqdagi “Islomiy qarshilik” guruhi o‘z zimmasiga olgan. Tahlilchilarning fikricha, bu tuzilma Iroqning Eron bilan aloqador bir necha qurolli guruhlarini birlashtiradi.
Qayd etish joizki, hujumlar Qo‘shma Shtatlar Bag‘doddan janubda Eronga aloqador "Kataib Hizbulloh" guruhiga qarshi zarba berganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lgan. Guruhning bildirishicha, AQSH hujumi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘lgan.
Iroq hukumati hujumni eskalatsiya va suverenitetining buzilishi sifatida qoraladi.
AQSH rasmiylarining aytishicha, 17 oktyabrdan beri, ya’ni Isroil-HAMAS urushi boshlanganidan 10 kun o‘tib AQSH va xalqaro kuchlar bazalari o‘nlab marta nishonga olingan.
“23 noyabr holatiga ko‘ra, Iroqda 36 ta, Suriyada esa 37 ta hujum sodir etilgan”, deydi AQSH harbiy rasmiysi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning hujumlari Iroq hukumati tomonidan suverenitetning buzilishi sifatida qoralangandi.
LiveBarchasi