AQSH aviatashuvchi guruhi Karib dengiziga yetib bordi

Olam

image

Kecha, 11 noyabr kuni AQSH dengiz floti tarkibidagi USS Gerald R. Ford aviatsiya tashuvchisi boshchiligidagi zarba guruhi Janubiy qo‘mondonlik (Karib dengizi, Markaziy va Janubiy Amerika uchun mas’ul) hududiga yetib bordi. Bu haqda AQSH dengiz flotining To‘rtinchi flotiga tayanib, ABC News xabar berdi.

“11 noyabr kuni AQSH dengiz floti zarba guruhi, dunyodagi eng yirik aviatsiya tashuvchisi USS Gerald R. Ford boshchiligida AQSH Qurolli kuchlari Janubiy qo‘mondonligi mas’uliyat zonasi hududiga kirdi”, deyiladi rasmiy press-relizda.

Bu harakat AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegsetning buyrug‘i bilan Prezident tomonidan berilgan “xalqaro jinoyat tarmoqlarini yo‘q qilish va narkoterrorizmga qarshi kurash orqali mamlakat xavfsizligini ta’minlash” haqidagi farmonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilgan.

Aviatsiya tashuvchida 4 ming nafar harbiy joylashgan. Uning bortida F/A-18E/F jangovar bombardimonchi samolyotlari, E/A-18G Growler radioelektron kurash samolyotlari, E-2D Hawkeye uzoq masofali radiolokatsion kuzatuv samolyotlari, MH-60 ko‘p maqsadli vertolyotlar hamda C-2 Greyhound harbiy-transport samolyotlari bor.

Kema USS Bainbridge va USS Mahan boshqariluvchi raketali esminetslari, shuningdek, havo va raketaga qarshi mudofaa muvofiqlashtiruvchisi USS Winston S. Churchill tomonidan kuzatib borilmoqda.

Aviatsiya tashuvchisi va uning eskorti yetib borishi bilan AQSHning mintaqadagi harbiy mavjudligi 13 ta jangovar kemaga yetgan. Avval bu hududda ikki kreyser, uchta esminets va Tomahawk qanotli raketalari bilan jihozlangan atom suvosti kemasi joylashgandi. Shuningdek, mintaqada qirg‘oq zonasidagi kema va uchta yirik desant kemasidan iborat desant guruhi ham bor bo‘lib, ularning bortida 3 ming nafar dengiz piyodasi mavjud.

Puerto-Rikodagi AQSH harbiy bazalarida esa hozirda 10 ta F-35B Lightning II qiruvchi samolyoti, 6 ta AV-8B Harrier, 12 ta MV-22B Osprey konvertoplani, 7 ta MQ-9 Reaper zarba droni va 13 ta vertolyot joylashgan. Bundan tashqari, u yerda suvosti patrul samolyotlari, transport samolyotlari va yoqilg‘i quyuvchi havo tankerlar ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Karib havzasida taxminan 16 ming harbiy xizmatchidan iborat bo‘lgan harbiy guruhni joylashtirishni boshlagani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Karib dengizi dengiz floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing