AQSH Afg‘onistondan olib qochilgan samolyotlarini O‘zbekiston va Tojikistonga bermoqchi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Afg‘onistondagi terrorchilarga qarshi kurashda yordam evaziga O‘zbekiston va Tojikistonga ellikta harbiy samolyot va vertolyot berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Politico” nashri xabar bermoqda.

Gap o‘tgan yili afg‘on uchuvchilari “Tolibon”dan qochib, qo‘shni davlatlarga olib ketgan Amerikada ishlab chiqarilgan texnikalar haqida ketmoqda.

“Rejaga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlariga chegarani himoya qilish va terrorizmga qarshi kurashda xavfsizlik bo‘yicha munosabatlarimizni chuqurlashtirish bo‘yicha norasmiy kelishuv evaziga bir qator samolyotlarni topshirish ko‘zda tutilgan”, deydi nashr nomi oshkor etilmagan amaldorga tayanib.

“Politico” nashriga ko‘ra, “Tolibon” o‘z qo‘shnilaridan AQSH ag‘darilgan afg‘on hukumatiga yetkazib bergan yengil hujumchi samolyotlari va vertolyotlarini qaytarishni talab qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH 2021 yil bahorida o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa Respublikani tark etdi. 6 sentyabrda toliblar butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.

Afg‘onistonda hukumat ag‘darilganda afg‘on uchuvchilari nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekistonga ham harbiy texnikalar bilan qochib o‘tgan. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashevning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil 21 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 46 ta, Tojikistonda esa 18 ta samolyot bor edi, ular orasida Mi-17, UH-60 vertolyotlari, shuningdek, PC-12, C-208, AC-208 va A-29 samolyotlari bor.

"Tolibon" harakati rasmiy Toshkent va Dushanbega bir necha bor uchoqlarni qaytarish borasida so‘rov yuborgan. Ammo O‘zbekiston tomoni "Tolibon"ning talab qilishiga qaramay, uchoqlarni Afg‘onistonga qaytarish niyatida emas. Rasmiy Toshkent texnikalarni AQSHga topshirishga qaror qilgan. Negaki, texnikalarni afg‘on hukumatiga Vashington bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

293

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing