AQSH Afg‘onistondagi harbiy texnikalarni qaytarib olmoqchi – Tramp
Olam
−
27 fevral
7394AQSH ma’muriyati 2021 yilda amerikalik qo‘shinlar Afg‘onistonda qoldirgan barcha harbiy texnika va qurollarni qaytarib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan o‘zining birinchi kabinet yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Biz milliardlab, o‘nlab milliard dollar qiymatidagi texnikani ortimizda qoldirdik, mutlaqo yangi yuk mashinalari. Har yili ularni ommaga ko‘rsatish uchun namoyish qilishayotganini ko‘rib turibsiz. Bularning barchasi eng yaxshi texnika. O‘ylaymanki, biz ushbu texnikaning katta qismini qaytarib olishimiz kerak”, dedi u.
Trampning fikricha, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati AQSH qurollarini ommaviy ravishda sotmoqda, natijada Afg‘oniston dunyodagi eng yirik harbiy texnika sotuvchilaridan biriga aylanmoqda.
“Bunga ishonasizmi? Ular 777 ming dona miltiq, 70 mingta zirhli yuk mashinalari va transport vositalarini sotishmoqda. Biz u yerda 70 mingta transport vositasini qoldirdik. O‘ylaymanki, biz ularni qaytarib olishimiz kerak”, dedi u.
Trampdan uning ma’muriyati 2021 yil avgust oyida Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish rejasini ishlab chiqqan harbiy xizmatchilarga nisbatan qanday choralar ko‘rishi haqida so‘raldi. Uning yonida o‘tirgan Mudofaa vaziri Pit Xegset bu borada Pentagon ichida audit o‘tkazayotganini ma’lum qildi.
“Va to‘liq javobgarlik ta’minlanadi. Men bu guruhdagilar orasida katta lavozimga ko‘tarilishlar bo‘lishini ko‘rmayapman. O‘ylaymanki, ular asosan o‘z lavozimlarini tark etadi”, dedi u.
Tramp o‘zidan oldingi prezident Jo Bayden Afg‘onistonning Parvon viloyatidagi Bagram harbiy-havo bazasida AQSH harbiy ishtirokini saqlab qolishi kerak edi, deb ta’kidladi. Unga ko‘ra, AQSH tark etgan ushbu bazani Xitoy Xalq ozodlik armiyasi egallab olgan, biroq Pekin bu da’volarni rad etmoqda.
Qayd etish joiz, 2021 yil 14 aprelda Bayden AQSH tarixidagi eng uzoq davom etgan xorijiy harbiy kampaniya bo‘lgan Afg‘oniston operatsiyasini tugatish qarorini qabul qilganini e’lon qildi. AQSH bu urushni 2001 yil oktyabr oyida boshlagan edi. 2010-2013 yillarda operatsiya cho‘qqisiga chiqqan va Afg‘onistonda G‘arbiy davlatlarning 150 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi joylashgan edi.
Amerikalik qo‘shinlarning olib chiqilishi 2021 yil may oyida boshlandi. AQSH va NATOning asosiy jangovar bo‘linmalari Afg‘onistonni 2014 yilda tark etgan edi. 2021 yil sentyabr oyi boshiga kelib, AQSH harbiylari Afg‘onistonni to‘liq tark etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rasmiy Toshkent afg‘on harbiy uchuvchilari 2021 yilda “Tolibon” harakatidan qochish uchun O‘zbekistonga uchib kelgan yettita Black Hawk vertolyotini AQSHga topshirgan edi. Keyinroq, “Tolibon” ushbu vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarishni talab qildi. “Tolibon” bu masalada xavotirdaligini bildirgan va vertolyotlarning Afg‘onistonga tegishli ekanini da’vo qilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar

