AQSH HAMAS yetakchilariga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qilmoqchi
Olam
−
18 Oktabr 2023 3402 2 daqiqa
AQSH Moliya vazirligi shu hafta HAMAS harakatiga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Axios” nashri xabar berdi.
Saytning AQSHdagi rasmiy manbalariga ko‘ra, AQSH Moliya vazirligi shu haftada bir qancha HAMAS yetakchilariga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qiladi.
Unga ko‘ra, Amerika sanksiyalari HAMAS aktivlari saqlanadigan qator mamlakatlarga bosimni kuchaytirish va shu tariqa mablag‘lar oqimini to‘xtatishga qaratiladi.
AQSH Moliya vazirligi mavjud sanksiyalarning ishlashi va yangilarini joriy etilishini ta’minlash uchun xususiy sektor vakillari bilan yaqindan ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH bir vaqtning o‘zida Ukraina va Isroilni qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
Live
Barchasi