Ai-80 benzinni Ai-92 deb sotgan AYOQSHlar litsenziyasidan mahrum bo‘ladi – vazir

Jamiyat

image

Benzin narxini asossiz oshirgan va AI-80 markali benzinni AI-92 deb sotgan AYOQSHlarga albatta chora ko‘riladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi. 

“Bizning zavodlarda ishlab chiqarilayotgan va yetkazib berilayotgan benzin sifati qattiq nazorat qilinadi. Iste’molchilarga yetkazib berish jarayonida ham qandaydir noqonuniy xatti-harakatlar bo‘lsa, biz buni nazorat qilamiz. Bunday xabarlar kelib tushganda biz neftinpeksiya (“O‘zbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi) xodimlarini joylarga chiqargan holda, benzinning nafaqat sifatini, balki Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda narxini ham nazorat qilish bo‘yicha choralar ko‘ryapmiz. 

Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, benzin narxini asossiz oshirib yuborgan yoki sifatsiz benzinni, qolaversa, Ai-80 markali benzinni Ai-92 deb sotgan AYOQSHlarga nisbatan albatta tegishli choralar ko‘riladi”, deydi vazir.

Qayd etilishicha, Ai-80 markali benzinni Ai-92 deb sotgan AYOQSHlarning litsenziyasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Uning alohida urg‘ulashicha, benzinni birjada sotuvga chiqarish bo‘yicha belgilangan miqdor ham oshirilgan.  

“Hozirda metan gaz “zapravka”lar cheklangan muddatda ishlash davrida benzinga talab oshib boradi. Bu bo‘yicha ham albatta choralar ko‘rilyapti. Hozirgi kungacha 2 400 tonna Ai-80 – eng ko‘p iste’mol qilinadigan benzin birjada sotuvga chiqarilgan bo‘lsa, kechadan, ya’ni iste’mol oshgan kundan boshlab buni 3,5 ming tonnaga yetkazdik”, deydi Mirzamahmudov. 

Hozirda xorijiy mamlakatlardan ham benzin import qilinib, yetarli darajada zaxira yaratish choralari ko‘rilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi O‘zbekistonda benzin narxlari doimiy monitoring qilib borilishi va narxlarni sun’iy ravishda oshirgan sub’ektlarga belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishini ma’lum qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

86

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing