Agar Armaniston Qorabog‘dan voz kechsagina, Ozarbayjon bilan tinchlikka erishishi mumkin – Pashinyan

Olam

image

Armaniston Respublikasi Armaniston SSRning vorisi sifatida tan olinsa va Yerevanning boshqa davlatlarga hududiy da’volari bo‘lmasa, Kavkaz ortida tinchlikka erishish mumkin. Bunday taxminni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan parlamentdagi chiqishi chog‘ida aytdi.  

“Agar biz butun xalqaro munosabatlarimizda nafaqat bugun, balki kelajak uchun ham Armaniston Respublikasi hududini 1991 yilda mustaqillikka erishgan Armaniston SSR hududi kabi 29,8 ming kvadrat kilometr ekanini tan olishimizni aniq belgilab olsak, mintaqada tinchlik bo‘ladi. Bizda hech qaysi davlat uchun hududiy talablar yo‘q va hech qachon bo‘lmaydi”, deydi Pashinyan.

Ta’kidlash joziki, Tog‘li Qorabog‘ Armaniston SSR tarkibiga kirmagan. Hudud  BMTga a’zo birorta davlat tomonidan tan olinmagan. Tan olinmagan respublikada qariyb 150 ming kishi istiqomat qiladi.

Pashinyan tinchlikka erishish orqali Ozarbayjon va Turkiya bilan munosabatlarni normallashtirishni nazarda tutayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Baku va Yerevan agar ikki davlat aniq, noaniqlik va tuzoqlarsiz bir-birining hududiy yaxlitligini tan olsa va kelajakda tegishli da’volar qilmaslikka rozi bo‘lsa, tinchlik shartnomasini tuzish mumkin.

“Men Armaniston Respublikasi Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini to‘liq tan olishini tasdiqlayman va biz Armaniston SSR hududini Armaniston Respublikasi deb tan olish orqali Ozarbayjondan ham shunday qilishini kutamiz”, degan Bosh vazir.

Shu bilan birga, Pashinyan Ozarbayjon bilan munosabatlar masalasi juda murakkab ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 44 kunlik urushdan keyin qo‘shni davlat “eyforiyaga tushib, ko‘p narsani olmoqchi, iloji bo‘lsa, hammasini olmoqchi”.

“Ozarbayjon bevosita yoki bilvosita energetika va logistika chorrahasiga aylandi. Uning ahamiyati Rossiya uchun ham, ba’zi G‘arb davlatlari uchun ham oshdi”, deydi Pashinyan.

Qorabog‘ urushi 

2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi. Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi. Natijada, bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.

2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston Pashinyan Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing