Afg‘onlarga 2022 yilda qancha pul kerak?
Olam
−
12 yanvar 2022
5921Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning hamkorlari kecha, 11 yanvar kuni 28 million afg‘onga – Afg‘oniston ichidagi 22 million aholiga va mintaqaning beshta davlatida boshpana topgan qo‘shimcha 5,7 million afg‘on qochqiniga yordam berish rejasini e’lon qildi. 2022 yilda ularning ehtiyojlari uchun rekord miqdordagi 4,44 milliard dollar kerak bo‘ladi. Bu haqda BMT Yangiliklar markazi ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston iqtisodiyoti “erkin pasayish holatida”. 23 million odam ochlik yoqasida, shifoxonalar to‘yib ovqatlanmaydigan bolalar bilan to‘lib-toshgan, o‘qituvchilarga maosh yo‘q, millionlab bolalar o‘qish imkoniyatidan mahrum – bugungi Afg‘onistondagi vaziyat shunday.
Qayd etilishicha, mamlakatda bug‘doy va yoqilg‘i narxi 40 foizga oshgan, afg‘on oilasi byudjetining 80 foizi oziq-ovqatga ketadi. Xalqaro yordam muzlatilgan, ijtimoiy xizmatlar tizimi parchalanmoqda. BMTga ko‘ra, Afg‘oniston aholisi yordamsiz yashay olmaydi.
Tashkilotning ogohlantirishicha, yil o‘rtalariga kelib, Afg‘oniston umumiy qashshoqlik mamlakatiga aylanishi mumkin – aholining 97 foizi qashshoqlikda bo‘ladi. Bir yil ichida Afg‘oniston yalpi ichki mahsulotning 30 foizini yo‘qotishi mumkin, erkaklar ishsizligi esa ikki barobarga oshib, 29 foizga yetishi taxmin qilinmoqda.
“Men sizlarni Afg‘oniston xalqiga eshikni yopib qo‘ymaslikka chaqiraman. Gumanitar hamkorlar barcha qiyinchiliklarga qaramay, yordam yetkazib berishadi. Bizni qo‘llab-quvvatlang, ta’minotni ko‘paytirishga yordam bering va to‘liq miqyosdagi ocharchilik, kasallikning tarqalishi, ochlik va oxir-oqibat o‘limning oldini oling”, degan BMTning Favqulodda yordam ko‘rsatish koordinatori Martin Griffits gumanitar rejani taqdim etib.
BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi ham xalqaro hamjamiyatni afg‘onlarga yordam berishga va falokatning oldini olishga chaqirgan.
“Aks holda, dunyo nafaqat butun bir mamlakatning aql bovar qilmaydigan azob-uqubatlariga guvoh bo‘lib qolmasdan, balki yangi katta ko‘chish to‘lqinlariga duch keladi”, degan u.
U o‘nlab yillar davomida o‘z vataniga qaytib kela olmagan afg‘on qochqinlarining ehtiyojlarini eslagan.
Ta’kidlanishicha, so‘ralgan mablag‘lar oziq-ovqat va asosiy ehtiyojlarni yetkazib berish, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim xizmatlari, to‘yib ovqatlanmaslik oqibatlarini davolash, uysizlarni boshpana bilan ta’minlash, suvdan foydalanishga yo‘naltiriladi.
Ma’lumot uchun, mamlakatda hokimiyatni egallagan toliblar, 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Joriy yilning 6 sentyabr kuni “Tolibon”ga bo‘ysunmay turgan yagona viloyat – Panjsher egallangach, 7 sentyabr kuni harakat rahbarlari muvaqqat hukumatni shakllantirdi.
Qayd etish kerakki, toliblar Afg‘onistonda hokimiyatga kelgach, minglab afg‘onlar vatanini tark etdi va bu jarayon hali ham davom etmoqda. Toliblarni Afg‘onistonda tarafdorlari ko‘pligiga shubha yo‘q, biroq ular hokimiyatga kelgach ko‘plab qiyinchiliklarga uchramoqda. Ayniqsa, moliyaviy tomondan yo‘qotishlar katta.