Afg‘onistondagi zilzila qurbonlari 2,2 mingdan oshdi

Olam

image

Afg‘oniston sharqidagi Kunar viloyatida 31 avgust kuni, kechqurun sodir bo‘lgan 6 magnitudali zilzila qurbonlari soni 2205 kishiga yetdi. Bu haqda, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitratga tayanib, “Tolonews” xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Kunar viloyatida sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 2205 kishiga, jarohatlanganlar soni esa 3640 nafarga yetgan. Zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan Nur-Gul, Savki, Chapa-Dara va Manogi tumanlarida qutqaruv ishlari davom etmoqda.

AQSH Geologiya xizmati avvalroq 31 avgust kuni Jalolobod shahridan 27 km shimoli-sharqda, Pokiston bilan chegaradosh hududda 8 km chuqurlikda 6 magnitudali zilzila sodir bo‘lganini xabar qilgan edi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati so‘zlovchisi Zabihulloh Mujohid qurbonlar soni 1411 nafarga yetganini, yaradorlar soni esa 3124 nafarni tashkil etganini aytgan edi. Mahalliy ma’murlar bu mamlakatda sodir bo‘lgan eng halokatli zilzilalardan biri bo‘lganini aytdi.

Bu – “Tolibon” hukumati hokimiyatga kelganidan (2021 yil) beri yuz bergan uchinchi yirik zilzila. Xorijiy kuchlar chiqib ketgach, davlat moliyasining asosiy qismini tashkil etgan xalqaro yordam ham keskin qisqargan. Diplomatlar va yordam tashkilotlari butun dunyodagi boshqa inqirozlar hamda “Tolibon”ning ayollarga nisbatan siyosatlari (xususan, ayol xodimlarga qo‘yilgan cheklovlar) sabab moliyaviy ko‘mak qisqarganini aytishmoqda. Gumanitar yordam miqdori ham 2022 yildagi 3,8 milliard dollardan joriy yilda 767 million dollargacha kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyatiga hamdardlik bildirgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing