Afg‘onistondagi keskinlik: “Tolibon” ilk bor viloyat markazini egalladi
Olam
−
07 avgust 2021
9629“Tolibon” harakati jangarilari Afg‘oniston janubi -g‘arbidagi Nimro‘z viloyati markazi Zaranj shahrini egallab oldi. Eron chegarasi yaqinida joylashgan shaharning hukumat nazoratidan chiqqani hozircha rasman tasdiqlanmagan. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Zaranj toliblarning so‘nggi hujumlari vaqtida egallangan birinchi viloyat markazi bo‘ldi. Bungacha Hirot, Lashkargoh va Qandahor kabi yirik shaharlar uchun ham janglar olib borilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, “Tolibon” mamlakat hududining 50 foizdan 80 foizgacha qismini nazorat qiladi. Lekin shu kungacha u viloyat markazlarini nazorat qilmagan.
Katta savdo shahri bo‘lgan Zaranj yon atrofidagi hududlar toliblar tomonidan egallanganidan so‘ng, uzoq davom etgan janglar natijasida quladi.
BBC’ning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik boshqarmasining hududiy bo‘limida hamon janglar davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda shaharda talonchilik aks etgan videolar tarqala boshladi.
Reuters agentligi ma’lumotiga ko‘ra, jangarilar hukumat qo‘shinlariga madad kuchlari kelmagani oqibatida qo‘ldan chiqqan. Tolibklar shahardagi aeroportni ham egallab olgan.
Zaranjning qo‘lga olinishi “Tolibon” hujumining kuchayishiga turtki beradi. Bu qariyb 20 yil Afg‘onistonda bo‘lgan AQSH qo‘shinlarini olib chiqib ketish fonida bo‘lyapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yanvar oyidan beri 294 mingga yaqin afg‘on majburan uyini tark etgan. Mamlakatdagi umumiy qochqinlar soni esa 3,5 mlnga yetgan.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi