Afg‘onistonda qor bo‘ronlari oqibatida 60 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Olam

image

Afg‘onistonda kuchli qor bo‘ronlari oqibatida kamida 61 kishi halok bo‘ldi, 110 kishi jarohat oldi. Bu haqda bugun, 24 yanvar kuni Afg‘oniston Tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish milliy boshqarmasi (ANDMA) xabar berdi.

Idora matbuot xizmati xabariga ko‘ra, so‘nggi uch kun ichida mamlakatning turli viloyatlarida kuchli yomg‘ir va qor yog‘ishi oqibatida 61 kishi vafot etgan, yana 110 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

ANDMA ma’lumotlariga ko‘ra, qurbonlar va jabrlanganlar haqidagi xabarlar Qobul, Parvon, Panjsher, Bomiyon, Daykundi, Maydan-Vardak, G‘azni, Hirot, G‘or, Badg‘is, Faryob, Sari-Pul, Balx, Samangan va Nuriston viloyatlaridan kelib tushgan.

Shuningdek, tabiiy ofat oqibatida 458 ta uy to‘liq yoki qisman vayron bo‘lgan, buning oqibatida 360 ta oila zarar ko‘rgan. Qishki ofatlar – muzlab yoqqan yomg‘irlar, bo‘ron va qor bo‘ronlari sababli 620 bosh chorva mollari ham nobud bo‘lgan.

ANDMA’ning qayd etishicha, 20 dan 23 yanvargacha davom etgan qor bo‘ronlari, ayniqsa infratuzilmasi zaif, tabiiy ofatlarga chidamsiz tog‘li va qishloq hududlarida katta zarar yetkazgan.

Hozirda mamlakatdagi deyarli barcha asosiy avtomagistrallar, shuningdek, viloyatlararo ikkilamchi yo‘llar qor uyumlari sababli yopilgan, qor ko‘chkilari xavfi mavjud. Bundan tashqari, elektr uzatish liniyalari uzilishi va ustunlar qulab tushishi oqibatida Afg‘onistonga chetdan import qilinadigan elektr energiyasi yetkazib berilishi to‘xtagan.

Afg‘oniston meteorologlarining prognozlari ham ijobiy emas: joriy hafta davomida mamlakatning ayrim hududlarida kuchli qor yog‘ishi davom etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyaning G‘arbiy Yava provinsiyasiga qarashli G‘arbiy Bandung mintaqasida yuz bergan ko‘chki oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘lgandi, yana 82 kishi bedarak yo‘qolgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston qor bo'ronlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing